Jahon | 10:53 / 24.12.2025
2609
5 daqiqa o‘qiladi

Greta Tunberg Londonda Falastinga bag‘ishlangan aksiyada qo‘lga olindi

“Falastin uchun qamalganlar” nomli norozilik guruhi video ulashdi: unda faol Greta Tunberg Buyuk Britaniyada taqiqlangan Palestine Action tashkilotini qo‘llab-quvvatlovchi shiorni ushlab turgani ko‘rinadi. U qo‘lga olingan.

Foto: Getty Images / Martin Pope

22 yoshli shvetsiyalik ekofaol Greta Tunberg 23 dekabr, seshanba kuni London markazida qo‘lga olindi. Bu Falastinni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi chog‘ida sodir bo‘ldi: bir qator faollar Palestine Action tashkilotining avval o‘tkazilgan bir qator namoyishlari bilan bog‘liq ayblovlar asosida hibsda saqlanayotgan edi.

“Falastin uchun qamalganlar” guruhi Buyuk Britaniya poytaxtidagi namoyish davomida Tunberg ochlik e’lon qilganlarni qo‘llab-quvvatlash ifodalangan plakatni ko‘tarib turgan videoni tarqatdi. Plakatda shunday yozuv bo‘lgan: “Men Palestine Action’ning qamalganlarini qo‘llab-quvvatlayman. Men genotsidga qarshiman”.

“Bugun ertalab soat 7 lar atrofida Fencherch-stritdagi binoga bolg‘alar va qizil bo‘yoq yordamida shikast yetkazildi. Erkak va ayol qasddan mulkka zarar yetkazish gumoni bilan hibsga olindi. Ular o‘zlarini binoga yopishtirib qo‘ygan, mutaxassislar ularni ajratib, politsiyaga olib borish ustida ishlayapti. Birozdan so‘ng voqea joyiga 22 yoshli ayol keldi. U taqiqlangan tashkilotni (Palestine Action) qo‘llab-quvvatlovchi predmetni namoyish etgani uchun qo‘lga olindi”.

Britaniya politsiyasi, odatda, ayblov rasman qo‘yilmaguncha gumonlanuvchilarning ism-sharifini oshkor qilmaydi. Keyinroq Greta Tunbergning qo‘lga olinganini Britaniyadagi Defend Our Juries huquqni himoya qilish tashkiloti ham tasdiqladi, deb xabar beradi Reuters.

Qayd etilishicha, “Falastin uchun qamalganlar” guruhi avvalroq aksiya obekti sifatida Londondagi bir kompaniyani tanlaganini bildirgan — ularning iddaosiga ko‘ra, u kompaniya Isroil bilan bog‘liq mudofaa firmasi Elbit Systems’ga xizmat ko‘rsatadi.

Associated Press (AP) aniqlashtirishicha, Buyuk Britaniyada taqiqlangan Palestine Action tashkilotining 8 a’zosi sudni kutayotgan paytda garov bilan chiqarish huquqisiz hibsda saqlanayotganiga qarshi norozilik sifatida ochlik e’lon qilgan. Ilk ikki mahbus ochlikni 52 kundan beri davom ettirmoqda va “o‘lim real ehtimolga aylangan tanqidiy holat”da ekani “Falastin uchun qamalganlar” guruhi bayonotida aytilgan.

Britaniya hukumati hozircha sud jarayoniga aralashishdan bosh tortib, garov masalasi va hibsda saqlash tartibi sudlar tomonidan hal qilinishi kerakligini bildirmoqda.

2024 yil fevralda Londonda sud Greta Tunbergni oqlagan edi: unga neft-gaz sanoatiga oid yirik konferensiyaga kirishni to‘sib qo‘ygan norozilik aksiyasi vaqtida politsiyaning “joyni tark etish” buyrug‘iga bo‘ysunmagani uchun ish ochilgandi. Tunberg Shvetsiya va Buyuk Britaniyada turli namoyishlar bilan bog‘liq fuqaroviy bo‘ysunmaslik harakatlari sabab bir necha bor jarimaga tortilgan.

Buyuk Britaniyada taqiqlangan Palestine Action guruhini qo‘llab-quvvatlash namoyishi vaqtida 6 sentabr kuni Londonda 425 nafardan ortiq kishi qo‘lga olingani haqida shahar politsiyasi xabar bergan. 9 avgustda esa London politsiyasi shunga o‘xshash aksiya va shahardagi boshqa norozilik tadbirlarida taxminan 500 nafar kishini ushlagan.

Politsiya ma’lum qilishicha, namoyishchilar Buyuk Britaniyada avvalroq taqiqlangan guruh bilan bog‘liq atributlarni ham olib chiqqan, garchi ular oqibatlar haqida ogohlantirilgan bo‘lsa-da. O‘sha aksiya arafasida London politsiyasi komissari o‘rinbosari yordamchisi Ade Adelekan shunday deb ogohlantirgan: “Palestine Action harakatini qo‘llab-quvvatlagan har kim qo‘lga olinishi mumkin. Oqibatlarning jiddiyligini yana bir bor anglab yetishga chaqiraman. Terrorizm to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha hibsga olinish uzoq muddatli, juda real oqibatlarga olib kelishi mumkin”.

Iyul oyi boshida Buyuk Britaniya hokimiyati Palestine Action’ni terroristik tashkilot deb tan olgan, uning ramzlari va atributlarini namoyish etish esa jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladigan qilmishga aylangan.

Palestine Action tashkiloti, jumladan, “Isroilni global qo‘llab-quvvatlashga barham berish”ni talab qiladi va o‘zini Buyuk Britaniyada “to‘g‘ridan to‘g‘ri harakatlar orqali harbiy sanoatni izdan chiqaradigan” harakat sifatida taqdim etadi. Rasmiy ravishda uning usullari orasida fuqaroviy bo‘ysunmaslik qayd etilgan, biroq o‘tmishda Palestine Action ishtirokchilari qonunni buzgan holatlar ham bo‘lgan.

Masalan, 2025 yil iyunda uning faollari Angliya janubidagi Oksfordshir grafligida joylashgan Brayz-Norton aviabazasiga kirib borib, ikkita havoda yonilg‘i quyuvchi samolyotga shikast yetkazgan. Ilgariroq tashkilot vakillari Buyuk Britaniyada Isroil mudofaasiga qurol yetkazib beruvchi Britaniya va Isroil mudofaa kompaniyalarining binolarini ham to‘sib qo‘ygan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid