Jahon | 15:22 / 24.12.2025
3573
3 daqiqa o‘qiladi

Qrim: mobil internet urush tugaguncha bloklanadi

Qo‘shib olingan Qrim “hokimiyati” mobil internetga qo‘yilgan cheklovlar xavfsizlik sabablari bilan urush tugaguncha davom etishini bildirdi. Rossiya tayinlagan mintaqaning “rahbari” Sergey Aksenov esa aholini bloklashga “ko‘nikish”ga chaqirdi.

Foto: AP

Rossiya tomonidan qo‘shib olingan Qrim “hokimiyati” xavfsizlik mulohazalariga ko‘ra, Ukrainaga qarshi urush tugaguncha mobil internet ishini cheklash davom etishini bildirdi. Moskva tayinlagan Qrim “rahbari” Sergey Aksenov esa aholini bloklashga “ko‘nikish”ga chaqirdi: “Bu yerda shunchaki bunga ko‘nikish, ishlashning boshqa rejimiga o‘tish kerak”, — dedi u.

Shunga o‘xshash choralar 2025 yil noyabrida Ulyanovsk viloyatida ham joriy etilgan. U yerda mahalliy hokimiyat Ukrainadagi urush tugaguncha mobil internet ishini sezilarli darajada cheklab qo‘ygan.

Doimiy yoki vaqtincha cheklovlar amal qilgan hududlarda RF Raqamli taraqqiyot vazirligi tayyorlagan “oq ro‘yxat” (white list)dagi saytlar ishlashi kerak. Ular qatorida MAX “milliy messenjeri”, “Gosuslugi”, “Yandeks” servislari, “VKontakte”, “Mir” to‘lov tizimi, hukumatga yaqin “Izvestiya” gazetasi hamda TASS agentligi saytlari bor. “Verstka” nashri yozishicha, “oq ro‘yxat”dagi saytlarga kirish har doim ham to‘g‘ri ishlayvermaydi. Shu sabab bloklash paytida ko‘plab rossiyaliklar tovar va xizmatlar haqini to‘lay olmaydi, taksi chaqirishda qiynaladi, masofadan ishlash va o‘qish imkoniyati cheklanadi.

Yaqinda “to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot” vaqtida Rossiya prezidenti Vladimir Putin mobil internetni o‘chirish “xavfsizlik maqsadida” zarurligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy servislar go‘yo internet orqali Ukrainaga “dron zarbalari uchun nishonlarni tanlash”da yordam berishi mumkin.

2025 yil bahoridan boshlab Rossiya hokimiyati mobil internetni muntazam ravishda cheklay boshladi. Odatda bunday cheklovlar dronlar hujumlari vaqtiga to‘g‘ri keladi. Ayrim hollarda bloklash bir necha kunlab davom etishi mumkin: dekabr oyida Sankt-Peterburg aholisi shunday muammoga duch kelgan — ular bir haftadan ortiq mobil internetdan to‘liq foydalana olmagan.

Bundan tashqari, Roskomnadzor messenjer WhatsApp ishini ham sekinlashtirishda davom etmoqda. Rossiya hokimiyati fikricha, u, xususan, “RFda terrorchilik harakatlari uchun ishlatiladi”. RBK agentligi xabar qilishicha, 22 dekabrdan beri idora messenjer ishini “70–80 foizga” sekinlashtirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid