Texnologiya | 20:30
1174
2 daqiqa o‘qiladi

Yozuvchilar eng yirik sun’iy intellekt platformalarini sudga berdi

Da’voga ko‘ra, kompaniyalar chat-botlar va sun’iy intellekt xizmatlariga asos bo‘lgan katta til modellarini (LLM) o‘qitish uchun mualliflik huquqi bilan himoyalangan kitoblardan ruxsatsiz foydalangan.

Foto: Reuters

The New York Times jurnalisti va «Bad Blood» kitobi muallifi Jon Karreyru yana besh muallif bilan birgalikda AQSh federal sudiga sun’iy intellekt sohasida ishlaydigan yetakchi texnologiya kompaniyalariga qarshi da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ish bo‘yicha javobgarlar sifatida OpenAI, Google, xAI, Meta, Anthropic va Perplexity ko‘rsatilgan.

Da’voga ko‘ra, kompaniyalar chat-botlar va sun’iy intellekt xizmatlariga asos bo‘lgan katta til modellarini (LLM) o‘qitish uchun mualliflik huquqi bilan himoyalangan kitoblardan ruxsatsiz foydalangan. Da’vogarlarning ta’kidlashicha, ularning asarlari mualliflarning roziligisiz va kompensatsiya to‘lamasdan qo‘llanilgan, bu esa intellektual mulk to‘g‘risidagi qonunlarni buzadi.

Mualliflarning ta’kidlashicha, ularning da’vosi jamoaviy emas. Ularning fikricha, bunday format ko‘pincha asarlaridan foydalanilgan huquq egalariga emas, balki korporatsiyalarga foyda keltiradi.

Da’vo arizasida, shuningdek, ilgari Anthropic kompaniyasi huquq egalari bilan taxminan 1,5 milliard dollarlik shartnoma tuzgani, biroq da’vogarlar bunday bitimlarni yetarli emas va kitoblardan litsenziyasiz tizimli foydalanish muammosini hal qilmaydi, deb hisoblashi aytilgan.

Reuters nashrida qolgan besh nafar muallifning ismi oshkor etilmagan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu ish muhim pretsedentga aylanishi va kelajakda sun’iy intellektni o‘qitish qoidalariga, shuningdek, neyron tarmoqlari uchun kontentni litsenziyalash amaliyotiga ta’sir qilishi mumkin.

Mavzuga oid