Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh ma’muriyatida bo‘linish: Stiv Uitkoff Marko Rubioga qarshi
Sabab – Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush qanday yakunlanishi bo‘yicha qarashlar turlichaligi. Va Trampning maxsus vakili xavfsizlik masalalariga beparvolik bilan qarayotgani.
Foto: Chandan Khanna / AFP / Scanpix / LETA
AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Qo‘shma Shtatlar davlat kotibi Marko Rubio Vashingtonning yetakchi muzokarachisi roli uchun, jumladan, Rossiya-Ukraina urushini yakunlash jarayonida raqobatlashmoqda, deya ta’kidlaydi NBC News. Telekanal saytida Donald Tramp ma’muriyatining raqobatchi mulozimlari o‘rtasida yuzaga kelgan bo‘linish va kelishmovchiliklar haqida maqola e’lon qilindi. U Amerika va Yevropadagi o‘nlab amaldagi va sobiq rasmiylar bilan suhbatlarga asoslangan.
NBC suhbatdoshlariga ko‘ra, prezident ma’muriyatida raqobatlashuvchi fraksiyalar yuzaga kelishi va hokimiyat uchun kurash kechishi odatiy hol. Ammo, deya qayd etadi ular, tashqi siyosatdagi eng muhim vazifalardan birini hal qilishda davlat kotibi ikkinchi o‘ringa tushib, diplomatiyada yangi bo‘lgan odamga o‘z o‘rnini bo‘shatib berishi juda g‘ayrioddiy holat. Bu holat jiddiy xavotir uyg‘otmoqda, deydi manbalar.
Tramp Uitkoffni «kelishuvlar bo‘yicha ajoyib mutaxassis» deb hisoblasa, kongressdagi tanqidchilar, Yevropadagilar va hatto prezident ma’muriyatidagilarning bir qismi uni diplomatiyada «Rossiyaning da’volarini jon deb qabul qiladigan» havaskor (diletant) deb hisoblashadi. «U – ruslar uchun sovg‘a», – deydi kongress vakili anonimlik sharti bilan.
Amerika rasmiylari Uitkoff Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarda Rubioni chetlab o‘tishga urinayotganini bir necha bor qayd etishgan. Ular Tramp maslahatchisi Rubioni xabardor qilmasdan tinchlik muzokaralari mavzulari muhokama qilingan xalqaro uchrashuvlar tashkillashtirgan bir necha holatlarni sanashadi.
Xususan, 2025 yil aprelida davlat kotibi Ukraina bo‘yicha muzokaralarda qatnashish uchun Parijga uchishi kerak edi. Safar arafasida Rubio jamoasi Uitkoff Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuv belgilaganidan xabar topadi. Rubio bu muzokaralarga qo‘shilish uchun ruxsat so‘raydi, fransuz tomoni esa buni Uitkoffdan so‘rashni taklif qiladi.
NBC xabarida qayd etilishicha, bu yordamchilari maxsus elchi bilan bog‘lanish uchun ancha uringan davlat kotibi uchun «tahqiromuz burilish nuqtasi» bo‘lgan. Yakunda Rubio Uitkoffni topgan va Makron bilan uchrashuvga qo‘shiladigan bo‘lgan, deya hikoya qilishadi telekanal suhbatdoshlari. Rubioning ish taqvimida ko‘rsatilishicha, u o‘sha safar vaqtida Fransiya prezidenti bilan yuzma-yuz uchrashuv ham o‘tkazgan.
Noyabr oyida Davlat departamenti rahbari Shveytsariyada ukrain rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazishni reja qiladi. Ammo Uitkoff departamentdagilarni ogohlantirmasdan, Jyenevaga oldinroq yo‘l oladi. Maxsus vakilning bu harakati Rubiodan ildamroq harakat qilib, Ukraina bilan muzokaralarni o‘zi istagandek – Oq uydagi hamkasbi bilan muvofiqlashtirmasdan olib borishga urinish deb baholandi. Telekanal suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Rubio baribir Jyenevaga yetib boradi va uchrashuv o‘zining ishtirokisiz kechishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Shunga o‘xshash yana bir epizod Shveytsariyadagi uchrashuvdan bir necha kun keyin sodir bo‘lgan. Uitkoff Floridada Ukraina vakillari bilan muzokaralar tashkillashtirgan, ammo Rubio bu haqda ukrain muzokarachilari orqali xabar topgan. «Rubio bu ishdan chetlatilgani kundek ravshan. Bu ishlarni aynan u boshqarishi kerak edi», – deya qayd etadi Oq uy ma’muriyatidagi yuqori martabali mulozimlardan biri NBC uchun izohida.
Jurnalistlar fikricha, Uitkoff va Rubio o‘rtasidagi kelishmovchilikning asosiy sababi shundaki, maxsus vakil hamda Davlat departamenti rahbarining urushni qanday yakunlash va Vashington Moskvaning va’dalariga qanchalik ishonishi mumkinligi haqidagi qarashlari turlicha.
Uitkoff Trampning ko‘rsatmalarini bajarishga va imkon qadar tezroq kelishuvga erishishga harakat qilmoqda. U Ukraina hududiy yon berishga rozi bo‘lishi kerakligini nazarda tutuvchi rejani ilgari surgan. O‘z navbatida, Rubio va ma’muriyatning ba’zi boshqa mulozimlari Vladimir Putinni yon berishga majburlash uchun Rossiyaga iqtisodiy va harbiy bosimni kuchaytirish tarafdori. AQShning Yevropadagi ittifoqchilari ham xuddi shunday fikrda.
Davlat departamentida esa rasmiylar o‘rtasidagi bo‘linish haqidagi xabarlar rad etildi. «Ular o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik yo‘q va bo‘lmagan. Vazir Rubio va maxsus vakil Uitkoff o‘rtasida yaqin ish munosabatlari bor, ular do‘st. Ikkisi ham prezidentning maqsadlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va ularning har biri Trampning urushni qanday tugatish va to‘liq hamkorlikda tinchlikka erishish haqidagi g‘oyasini amalga oshiradi», – dedi idora vakili Tommi Pigott NBC telekanaliga.
Rubioning o‘zi 19 dekabr kungi matbuot anjumanida tinchlik muzokaralarida Amerika tomoni vakillari qat’iy koordinatsiya sharoitida harakat qilayotganini aytdi. Shu bilan birga, davlat kotibi Uitkoffni «ishi uchun haq to‘lanmaydigan» «fenomenal, iste’dodli va juda aqlli inson» deb atagan.
Davlat departamenti vakillarining Uitkoffga boshqa e’tirozlari uning Rossiyaga safarlar chog‘ida xavfsizlik va maxfiylik masalalariga beparvolik qilayotgani bilan bog‘liq. Masalan, u himoyalanmagan aloqa vositalaridan foydalangan.
NBC manbalariga ko‘ra, Davlat departamenti xodimlari Uitkoffning Tramp ma’muriyatidagi faoliyatining ilk kunlaridanoq shaxsiy samolyotida xavfsiz aloqani ta’minlash va laynerni qo‘riqlash masalasida u bilan ziddiyatga borgan. Ba’zi suhbatdoshlar maxsus vakilning xorijiy xizmat safarlarida hukumat havo flotidan emas, balki o‘z samolyotidan foydalanish qarorini jiddiy shubha ostiga olishadi.
May oyida Davlat departamenti tekshiruv o‘tkazadi, shundan keyin Uitkoff samolyotda qo‘shimcha qo‘riqlov hamda himoyalangan mobil aloqa tizimi bilan ta’minlanadi. Xavfsizlik choralari kuchaytirilganiga qaramay, rasmiylarda baribir Uitkoff doim ham hukumatning xavfsiz aloqa tizimidan foydalanmasligi borasida xavotirlar bor.
Bu xavotirlar maxsus vakil va Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov o‘rtasidagi suhbatning rasshifrovkasi tarqalib ketganidan keyin yanada kuchaydi. Ularning suhbati stenogrammasi Bloomberg agentligi tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, ma’lumotlar qayerdan tarqalganiga aniqlik kiritilmagan. Ushakov postga izoh berarkan, Uitkoff bilan ba’zan WhatsApp orqali muloqot qilishini aytgan.
Trampning maxsus vakili telekanalning bu boradagi savollariga javob bermasdan, jurnalistlarni Oq uyga yo‘naltirgan. U yerdagilar Uitkoff barcha xavfsizlik choralariga amal qilishi, u samolyoti bortida esa avvaldan himoyalangan aloqa bo‘lganini ma’lum qilishgan.
Bundan tashqari, NBC ta’kidlashicha, Rubio AQShning 28 banddan iborat tinchlik rejasining birinchi varianti sizib chiqishi ortidan avj olgan diplomatik mojaroni tinchitishiga to‘g‘ri kelgan. Bu versiyani rossiyaparast ruhda tayyorlangan deb topishdi. Xabar qilishlaricha, rejani tayyorlashda AQSh vakillari, xususan, kelishuv «arxitektori» deb atalgan Uitkoff RF vakillari bilan maslahatlashgan.
O‘tgan vaqt mobaynida reja Ukraina vakillari bilan muzokaralar davomida o‘zgarishlarga uchradi. Kelishuv ustida ish davom etmoqda. Xususan, o‘tgan haftaning dam olish kunlari AQSh delegatsiyasi Mayamida ukrain rasmiylari bilan uchrashdi. Vashington delegatsiyasi tarkibida Uitkoff ham bo‘lgan. Rubioning ishtiroki haqida xabar berilmagan.
Mavzuga oid
08:31 / 15.12.2025
Uitkoff Berlindagi uchrashuvdan so‘ng: o‘t ochishni to‘xtatishga yaqinlashdik
18:01 / 07.12.2025
AQSh va Ukraina o‘rtasidagi uch kunlik muzokaralarda o‘sishga erishilmadi
00:48 / 07.12.2025
Zelenskiy Uitkoff va Trampning kuyovi bilan tinchlik masalasini muhokama qildi
23:00 / 04.12.2025