Jahon | 12:16 / 25.12.2025
2167
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston neft kompaniyasi RF neftini xarid qilishni qayta tikladi

Bloomberg yozishicha, xususiy Reliance Industries kompaniyasi AQSh sanksiyalariga qaramay, sanksiya ostida bo‘lmagan yetkazib beruvchilardan Rossiya neftini arzonlashtirilgan narxlarda sotib olmoqda.

Foto: Yegor Aleyev/ TASS

Hindistonning eng yirik xususiy neftni qayta ishlash kompaniyasi — Reliance Industries Rossiyaning asosiy korxonalariga qarshi amal qilib turgan AQSh sanksiyalariga qaramasdan, Rossiya neftini xarid qilishni qayta tikladi. Bu haqda Bloomberg agentligi 24 dekabr, chorshanba kuni xabar berdi.

Agentlik manbalariga ko‘ra, Reliance Industries Rossiya neftini sanksiya ostida bo‘lmagan yetkazib beruvchilardan chegirma narxida sotib olyapti va uni Gujaratdagi o‘z neftni qayta ishlash zavodiga yo‘naltiryapti. Quvvati sutkasiga 660 000 barrel bo‘lgan ushbu NQIZ mahalliy iste’molchilarni mahsulot bilan ta’minlaydi.

Bloomberg manbalari ta’kidlashicha, Rossiya neftini tashish uchun Reliance Industries “RusEksport” kompaniyasi bilan Aframax sinfidagi tankerlardan foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzgan.

Agentlik qayd etishicha, ushbu sxema qo‘llanishi ehtimol, Hindistonning Rossiya neftini xarid qilishidagi pasayishni kamaytiradi: rasmiylar so‘zlariga ko‘ra, bu oyda xaridlar yarmidan ham ko‘proqqa qisqarishi mumkin.

AQSh 22 oktyabr kuni Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Bu qadam Moskva Ukrainada boshlagan urushni tugatish bo‘yicha “tinchlik jarayoniga Rossiya tomonidan jiddiy qiziqish yo‘qligi” bilan izohlandi. “Qora ro‘yxat”ga Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasi — “Rosneft” va “Lukoyl”, shuningdek, Rossiya hududida joylashgan ularning shu’ba korxonalari kiritildi. Qoidabuzarlik uchun “AQSh fuqarolari va xorijiy fuqarolarga nisbatan fuqarolik-huquqiy yoki jinoiy sanksiyalar qo‘llanishi” nazarda tutilgan.

Oktyabr oyida Reuters agentligi Reliance Industries AQSh sanksiyalarini buzmaslik uchun Rossiya neftini import qilishni qisqartirish yoki to‘liq to‘xtatishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid