Jahon | 21:54 / 25.12.2025
5852
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Rossiyada avtomat-odamlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qildi

Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt rivojlanayotgan davrda maktab o‘quvchilari va talabalarda ijodiy va tahliliy fikrlashni shakllantirish, shuningdek, sun’iy intellekt yaratgan narsalarni «tanqidiy baholash» qobiliyatini saqlab qolish zarur.

Foto: Vedomosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin yangi texnologiyalar mavjud ta’lim tizimini qayta ko‘rib chiqishni va yangi o‘quv dasturlarini ishlab chiqishni talab qilishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda jamiyatning bir qismini faqat «tugmalarni bosishni» biladigan odamlarga aylanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

«Bizda intellektual elita va tugmani bosishdan boshqa narsani bilmaydigan avtomat-odamlar bo‘lishiga aslo yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bu ta’lim va kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi uchun juda muhim vazifa», dedi Putin Davlat kengashi yig‘ilishida.

Uning ta’kidlashicha, «eskicha yashash mumkin emas», biroq, rossiyaliklar uchun ta’lim tizimining «fundamental asoslarini» saqlab qolish muhim. Ular orasida maktab o‘quvchilari va talabalarda ijodiy va tahliliy fikrlashni shakllantirish, shuningdek, sun’iy intellekt yaratgan narsalarni «tanqidiy baholash» qobiliyati ham bor.

Putin Rossiyada 2036 yilgacha ta’limni rivojlantirish strategiyasini tayyorlash yakunlanayotganini e’lon qildi, uni ishlab chiqish bilan hukumat shug‘ullanmoqda. Strategiya doirasida Putin sun’iy intellektni joriy etish sharoitida har bir inson talabgir bo‘lishga imkon beradigan tamoyillarga o‘tish bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratishni so‘radi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid