Jahon | 12:41 / 26.12.2025
2255
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh bazasidagi “eng ashaddiy jinoyatchilar” ro‘yxati yangilandi

2025 yilning 11 oyi ichida AQShda “eng yomon” deb atalgan jinoyatchilar ro‘yxatiga, boshqalar qatorida, 18 nafar rossiyalik, 27 nafar ukrain, 22 nafar Armaniston fuqarosi, Qozog‘istondan 3 nafar shaxs, shuningdek 2 nafardan Gurjiston fuqarosi va 2 nafar belarus kiritilgan.

Foto: AP

AQShning Ichki xavfsizlik vazirligi (DHS) so‘nggi 11 oy davomida Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) xodimlari tomonidan turli jinoyatlar uchun ushlangan xorijliklar haqidagi elektron bazaga Ukrainadan 27 nafar fuqaro va Rossiyadan 18 nafar fuqaroni kiritdi. ICE DHS tarkibiga kiradi va AQShdan noqonuniy muhojirlarni qidirib topish hamda deportatsiya qilishga ixtisoslashgan. “Eng yomonlar” deb ataladigan jinoyatchilar ro‘yxati idora saytida 26 dekabr, jumaga o‘tar kechasi yangilandi.

Jami ro‘yxatda dunyoning 165 mamlakati keltirilgan. Unda asosiy ulushni Lotin Amerikasi mamlakatlari fuqarolari tashkil qiladi: masalan, bazaga kiritilgan meksikaliklar soni — bir necha ming nafar. Yangi ro‘yxatga, shuningdek, 22 nafar Armaniston fuqarosi, 3 nafar Qozog‘iston fuqarosi, 2 nafardan belarus va gurji, shuningdek 1 nafar moldovan ham kiritilgan. AQSh idorasi ro‘yxatida 3 nafar nemis ham bor.

DHS saytidagi profayllardan ko‘rinishicha, AQShda “eng yomonlar” sifatida qayd etilgan ukrainlar firibgarlik bilan shug‘ullangan, giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan va jinsiy xarakterdagi jinoyatlar sodir etgan. Ulardan biri qotillik aybi bilan hibsga olingan.

RF fuqarolari esa ro‘yxatga quyidagi holatlar uchun kiritilgan: tajovuz (hujumlar), jinsiy zo‘ravonlik, giyohvand modda sotish, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, o‘g‘irlik, pul yuvish, qurolga egalik qilish, pora oldi-berdisi (korrupsiya) va muhojirlarni noqonuniy olib kirish.

“DHS va ICE xodimlari prezident Trampning va’dasini bajaryapti va ommaviy deportatsiyalarni amalga oshirmoqda — avvalo eng ashaddiy jinoyatchilardan, shu jumladan siz ushbu ro‘yxatda ko‘rayotgan noqonuniy muhojirlardan boshlab”, — deb yozilgan AQSh idorasi saytida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid