Iqtisodiyot | 19:50 / 26.12.2025
1766
2 daqiqa o‘qiladi

MDH mamlakatlari o‘zaro hisob-kitoblarda deyarli to‘liq milliy valutalarga o‘tdi

2024-2025 yillarda MDH a’zo davlatlari o‘zaro hisob-kitoblarning 96 foizini milliy valutada amalga oshirgani ta’kidlanmoqda.

Foto: TASS

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari o‘zaro hisob-kitoblar uchun deyarli 100 foiz milliy valutalardan foydalanmoqda, dedi MDH bosh kotibi Sergey Lebedev.

«So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, MDH o‘zaro hisob-kitoblarida milliy valutalarning ulushi barqaror o‘sib bormoqda. 2024-2025 yillarda u MDH uchun 96 foizga, YeOIIda esa 93 foizga yetadi. Bu dedollarizatsiya va savdoda milliy valutalardan foydalanishning barqaror tendensiyasidan dalolat beradi», dedi u.

MDH bosh kotibining qo‘shimcha qilishicha, «bugungi kunda xalqaro hisob-kitoblarda jahon valutalaridan foydalanish yuqori xavf, aktivlar va tranzaksiyalarni blokirovka qilish bilan birga kechmoqda».

Lebedev, shuningdek, MDH doirasidagi faol iqtisodiy integratsiyaga e’tibor qaratdi, bu o‘zaro savdoga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. «4 yil ichida o‘zaro savdo 18 foizga, Hamdo‘stlik mamlakatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti esa 2024 yilda 4,5 foizga o‘sdi», dedi u.

Hamdo‘stlik bosh kotibi bundan qariyb 15 yil muqaddam imzolangan shartnoma - erkin savdo zonasini tashkil etish MDH mamlakatlarining savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Erkin savdo zonasining tashkil etilishi, Lebedev so‘zlariga ko‘ra, tovarlarning aksariyat toifalari bo‘yicha bojxona to‘lovlarini nolga tenglashtirish, shuningdek, MDH doirasidagi o‘zaro savdodagi boshqa to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish imkonini berdi.

Mavzuga oid