Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda soxta treyderga aldangan yigit bankomatni buzib, pul olmoqchi bo‘ldi
Yigit yarim tunda bankomat oldiga borib, uni tosh bilan ochishga uringan. Biroq buning uddasidan chiqolmagan va voqea joyidan yashirgan. U soxta treyderning pul ko‘paytirib berish haqidagi yolg‘oniga ishonib, birovlardan 10 mln so‘m qarz bo‘lib qolgani uchun shu ishga qo‘l urganini aytgan.
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida bankomatdan pul o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat tungi 2:30 lar atrofida noma’lum shaxs Chilonzor tumani hududida o‘rnatilgan bankomatni ochib, ichidagi pullarni o‘g‘irlab ketmoqchi bo‘lgan. Buning uchun u dastlab bankomat atrofida aylanib, vaziyatni o‘rgangan. Hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, bankomatni buzishga kirishgan: yerdan tosh olib, temir qutini urgan holda ichini ochmoqchi bo‘lgan.
Biroq yigit pullarni olishga har qancha harakat qilmasin, buning uddasidan chiqolmagan. U bankomat qutisini buzgan, ammo quti ichidagi seyfni ocholmagan. So‘ngra voqea joyidan yashiringan. Gumonlanuvchi tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qo‘lga olingan.
“Treyderning pulni ko‘paytirib berishiga ishongan holda 10 mln so‘m qarz olib, yutqazib qo‘ydim. Qarzlarimni to‘lash maqsadida shu ishni qilgandim. Oldimdan bankomat chiqib qoldi, pullarini olmoqchi bo‘ldim. Oldini ochdim, ichida kattaroq seyf bor ekan. Harakat qilib ko‘rdim, ammo seyfni ocholmasligimni bildim”, degan yigit.
U qilgan ishidan pushaymonda ekanini aytib, kechirim so‘ragan.
Shu kuni seyf ichida 552 mln 400 ming so‘m mablag‘ saqlanayotgan bo‘lgan. Bankomatga yetkazilgan zarar esa 30 mln so‘mni tashkil qilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va yigitga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
11:28 / 23.12.2025
Yo‘l talashish janjalga aylandi: Chilonzordagi holatga rasmiy izoh berildi
13:50 / 08.10.2025
Toshkentda Al-Xorazmiy ko‘chasining bir qismi vaqtincha yopiladi
11:35 / 27.09.2025
Toshkentda lift ichida qolib ketgan 5 nafar fuqaro qutqarildi
07:50 / 26.09.2025