Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Malayziya sobiq bosh vaziri 15 yilga qamaldi
Sud Najib Razzoqni hokimiyatni suiiste’mol qilish va moliyaviy jinoyatlarning o‘nlab epizodlari bo‘yicha aybdor deb topdi. Hukm Kuala-Lumpurdagi Oliy sud tomonidan davlat investitsiya jamg‘armasi - 1MDB ishi doirasida chiqarildi.
Foto: Hasnoor Hussain/REUTERS
Malayziya sobiq bosh vaziri Najib Razzoq juma kuni, 26 dekabrda hokimiyatni suiiste’mol qilish va pul yuvishda aybdor deb topildi. Kuala-Lumpurdagi Oliy sud davlat investitsiya jamg‘armasi 1MDB ishi bo‘yicha ko‘p yillik sud jarayoni yakunlariga ko‘ra, uni hokimiyatni suiiste’mol qilish bo‘yicha 4 ta epizod va pul yuvish bo‘yicha 21 ta epizodda aybdor deb topgan, deya xabar berdi Malayziya OAV. Sud Najib Razzoqqa 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
OAV hukmning asoslantiruvchi qismiga tayanib yozishicha, ayblanuvchining “unga qarshi ayblovlar ‘jodugarlar ov’i bo‘lib, siyosiy sabablar bilan qo‘zg‘atilgan” degan da’vosi “sovuqqon, qat’iy va rad etib bo‘lmas dalillar” bilan inkor etilgan. Ushbu dalillar ayblanuvchi 1MDB davlat jamg‘armasidagi “o‘ta qudratli mavqei”ni, shuningdek unga berilgan keng vakolatlarni suiiste’mol qilganini ko‘rsatadi. Qayd etilishicha, Najib Razzoq ham nega yuzlab million dollar AQSh valutasidagi mablag‘lar uning shaxsiy bank hisobiga tushganini izohlab bera olmagan.
Uch yil davom etgan 302 ta sud majlisi jarayonida sud 462 mln yevroga teng summa haqidagi ishni ko‘rib chiqqan. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, bu mablag‘ davlat investitsiya jamg‘armasidan o‘zlashtirib olingan. Najib Razzoq 2009–2018 yillarda Malayziya bosh vaziri bo‘lgan va ayni paytda mamlakat moliya vaziri vazifasini ham bajargan.
72 yoshli Najib Razzoq hozirda davlat jamg‘armasi bilan bog‘liq birinchi ish bo‘yicha chiqarilgan hukmga asosan 6 yillik qamoq jazosini o‘tab kelmoqda. To‘rt kun oldin sud uning ushbu muddat qolgan qismini uy qamog‘iga almashtirish haqidagi iltimosnomasini rad etgan.
Najib Razzoq davridagi korrupsiya va qarindosh-urug‘chilik sababli uning ta’sirli UMNO partiyasi (“Birlashgan malay milliy tashkiloti”) so‘nggi ikki saylovda mag‘lubiyatga uchragan. Musulmon malaylardan iborat etnik ko‘pchilik partiyasi hisoblangan UMNO 1957 yilda Malayziya mustaqillikka erishganidan beri uzoq yillar davomida mamlakatni yakkahokimlik bilan boshqarib kelgan.
Najib Razzoqdan tashqari, hozir Janubi-Sharqiy Osiyodan yana ikki nafar sobiq davlat arbobi ham hibsda saqlanmoqda. Filippinning sobiq prezidenti Rodrigo Duterte Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) tergov hibsxonasida “giyohvandlikka qarshi kampaniya”si davomida sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar asosida saqlanmoqda. Tailandning sobiq bosh vaziri Taksin Chinavat esa sentabrdan beri hokimiyatni suiiste’mol qilish aybi bilan 1 yillik qamoq jazosini o‘tab kelmoqda.
Mavzuga oid
12:47 / 13.12.2025
Malayziyaga safar qilayotgan o‘zbekistonliklar uchun muhim talablar ma’lum qilindi
23:08 / 03.12.2025
Malayziya MH370 reysi yo‘qolganidan 10 yil o‘tib, uni qidiruv ishlarini yana davom ettiradi
21:27 / 01.12.2025
Janubi-Sharqiy Osiyoda halokatli toshqinlar bo‘lmoqda – fotosuratlar
19:20 / 30.11.2025