Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida eksport hajmini 3,3 mlrd dollarga yetkazmoqchi
Pokistonning The World News elektron nashri prezident Shavkat Mirziyoyev 23 dekabr kuni to‘qimachilik sanoatida 2025 yil yakunlari va 2026 yil uchun ustuvor vazifalar bo‘yicha taqdimot bilan tanishganini yoritdi. Taqdimotda kelgusi yilda tarmoq eksportini 3,3 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingani qayd etilgan.
Foto: Prezident matbuot xizmati
“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, taqdimotda joriy yilda to‘qimachilik sanoatida erishilgan natijalar, ishlab chiqarish va eksport dinamikasi hamda 2026 yil uchun rejalar atroflicha ko‘rib chiqilgan.
Qayd etilishicha, 2025 yilda to‘qimachilik sanoatida:
- ishlab chiqarish hajmi — 134 trln so‘m;
- xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish — 2,1 mlrd dollar;
- eksport hajmi — 2,5 mlrd dollarni tashkil etgan.
Shuningdek, tarmoqda band aholi soni 623 ming nafarga yetgani, 2026 yilda uni 650 ming nafargacha oshirish imkoniyati borligi ta’kidlangan.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilda paxta xomashyosini qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish, gazlama, trikotaj va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish rejalashtirilgan. Maqsadli ko‘rsatkichlar:
- mahsulot ishlab chiqarish hajmi — 147 trln so‘m;
- eksport — 3,3 mlrd dollar.
Nashrda keltirilishicha, tarmoqqa 2,2 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilish reja qilingan. Buning hisobiga:
- 207 ming tonna sintetik va aralash ip ishlab chiqarish;
- 397 mln kv.m gazlama;
- 224 mln dona tikuv-trikotaj mahsulotlari;
- 108 mln kv.m mato bo‘yash bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Pokiston OAV qayd etishicha, yig‘ilishda tarmoq rivojiga to‘sqinlik qilayotgan bir qator omillarga ham e’tibor qaratilgan. Xususan, paxta tolasiga talabning bir qismi import hisobiga qoplanayotgani, moliyaviy resurslar qiymatining yuqoriligi, tashqi bozorlarda logistika xarajatlari ortishi va ayrim yo‘nalishlarda malakali mutaxassislar yetishmasligi dolzarb masalalar sifatida ko‘rsatilgan.
Muammolarni hal etish uchun 2026 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar doirasida:
- korxonalarga aylanma mablag‘ uchun 200 mln dollar imtiyozli kredit ajratish;
- 138 ta korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirish;
- 100 ta yangi korxonani eksport faoliyatiga jalb qilish rejalashtirilayotgani aytilgan.
Shuningdek, xalqaro standart va sertifikatlarni joriy etishga alohida urg‘u berilgan bo‘lib, Better Work, BCI, FWF, Organic EU kabi dasturlar 60 ta korxonada tatbiq etilishi bildirilgan.
The World News ma’lumotlariga ko‘ra, prezident taqdim etilgan yondashuvlarni ma’qullab, tarmoqda tayyor mahsulot ulushini izchil oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish hamda investitsiya va eksport salohiyatini to‘liq ishga solish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalarni belgilab bergan.
Mavzuga oid
21:57 / 26.12.2025
Kosmosga uchadigan o‘zbek va jinoiy to‘dalarga eslatma: prezident murojaatida nimalar dedi?
15:05 / 26.12.2025
O‘zbekiston eksportida Rossiya yetakchi: 11 oyda 4 mlrd dollar
13:32 / 26.12.2025
«Jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuchimiz yetadi va buni qilamiz» – prezident
13:26 / 26.12.2025