Jahon | 22:05 / 28.12.2025
3094
9 daqiqa o‘qiladi

Ukrainlarning bayram «tilagi», namoz o‘qiyotgan falastinlikka hujum – hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 28 dekabr, yakshanba. Hafta davomida Zelenskiy shov-shuvli tabrik yo‘lladi, Putin Rahmonga hamdardlik bildirdi, Amerika – Belarus kelishuvida kulgili tafsilotlar paydo bo‘ldi. Quyida haftaning muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hafta tilagi

Hafta davomida barcha nasroniy davlatlar yetakchilari fuqaroni rojdestvo bilan tabrikladi. Lekin hamma bir kishining – Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning tabrigini muhokama qilmoqda. Urushayotgan, mustaqilligini saqlab qolish uchun himoyalanayotgan davlat liderining so‘zlari boshqalarnikidan ta’sirliroq bo‘lishi tabiiy. Vatani yerlarini saqlab qolish uchun jang qilayotgan qo‘mondon chiroyli gapirishi ham shart emas, uning gapida shundog‘am dard bo‘ladi.

Zelenskiyning tabrigi chindan juda ta’sirli chiqdi. Oxirgi to‘rt yilda Ukraina o‘z tarixidagi eng jiddiy sinovdan o‘tmoqda. Mamlakat butun boshli mustaqilligini boy berishi mumkin. Dunyodagi eng qudratli davlat ham diplomatiya maydonida Ukraina dushmani tomonga o‘tgan bir vaqtda Zelenskiy asablarini jilovlashi qanchalik qiyin bo‘lishini tasavvur qilavering. Balki shu uchundir, rojdestvo tabrigida Zelenskiy Rossiya prezidenti Putinni nazarda tutib, «barcha ukrainlar uning o‘limini istashini» aytdi.

Bir davlat prezidenti bayram tabrigida boshqa davlat prezidentiga o‘lim tilashini hech qachon ko‘rmagandim. Zelenskiy tabrikda bunday degani ikki davlat o‘rtasidagi nafrat qanchalik cho‘qqiga chiqqanini ko‘rsatdi.

Tramp va Zelenskiy ko‘rishadi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan navbatdagi marta ko‘rishadigan bo‘ldi. Uchrashuv bugun tun yarmidan oqqanda Trampning Floridadagi qarorgohida o‘tkaziladi. Zelenskiy «yangi yilgacha ko‘p narsa hal bo‘lishi mumkinligini» aytdi. Uchrashuv Oq uyda emas, Trampning shaxsiy rezidensiyasida o‘tishiga qaraganda, ancha erkin formatda bo‘ladi. Jiddiy kelishuvlar aynan mana shunday formatdagi uchrashuvlarda amalga oshadi axir.

Zelenskiyning aytishicha, Tramp taklif qilayotgan tinchlik rejasi 20 bandgacha qisqartirilgan. Ukraina prezidenti agar Rossiya kamida 60 kunga o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, Trampning taklifini referendumga qo‘yishga tayyorligini aytdi. Lekin hali Rossiya bu kelishuvga rozi bo‘lishi aniq emas, kelishuvda Ukraina jiddiy hududiy yonberishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da.

TSAHAL askari namoz o‘qiyotgan falastinlikka tashlandi

Hafta davomida Falastinga tegishli O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilida olingan dahshatli video tarqaldi. Ramallohda olingan kadrda qurollangan shaxs yo‘l chetida namoz o‘qiyotgan odam ustiga kvadrosikl haydab, uni surib yuborgan. Keyin namoz o‘qiyotgan odamga va holatni videoga olmoqchi bo‘lgan haydovchilardan biriga do‘qlagan. Ma’lum bo‘lishicha, qurollangan shaxs Isroil mudofaa armiyasi TSAHAL zaxiradagi harbiysi, namoz o‘qiyotgan odam falastinlik yo‘lovchi bo‘lgan.

Isroil tomoni video Falastin nashrlarida tarqalganidan keyin unga munosabat bildirib, videodagi shaxs qo‘lga olinib, besh kun uy qamog‘iga hukm qilinganini ma’lum qildi. Lekin bu haqda e’lon qilinganda, namoz o‘qiyotgan falastinlikka hujum qilgan isroillik go‘yoki jazoni o‘tab bo‘lgan ekan. Ya’ni, u chindan jazolanganiga hech qanday isbot yo‘q. TSAHAL holatga munosabat bildirdi: jinoyatchi xizmatdan chetlashtirilib, quroli olib qo‘yilibdi.

Ma’lumot uchun, Quddus Isroil tomonidan qisman bosib olingani sabab Ramalloh amalda Falastin muxtoriyati poytaxti hisoblanadi.

Ruslar Kupyansk nazoratini boy berdimi?

Ukrainaning Xarkiv oblastida joylashgan Kupyansk shahri oxirgi vaqtlarda frontdagi eng muhim strategik manzilga aylandi. Rossiya tomoni kamida uch marta shahar egallangani haqida e’lon qilgan. Birinchi bayonot noyabr oyida berilgan, Putin kamida ikki marta shahar to‘liq ruslar nazoratida ekanini aytgandi.

Lekin dekabr boshida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kupyansk stellasi oldida video e’lon qilib, ruslarning bayonotlarini shubha ostida qoldirdi. Rossiyada «Zelenskiy Kupyanskka borgani feykligi» haqida rosa yozishdi, lekin video amalda shahardagi asl vaziyatni ko‘rsatgan bo‘lib chiqyapti.

Rossiyalik yirik Z-blogerlar birin-ketin Kupyanskda nazorat to‘liq boy berilgani, shahardagi vaziyat borasida harbiy rahbariyatga noto‘g‘ri ma’lumot yetkazilayotgani haqida yozyapti. Ularning aytishicha, bo‘linmalar «egallab bo‘lingan» deb aytilgan uchastkalarda ham yuzlab harbiylarini yo‘qotgan.

Amerikacha kelishuv

Ikki hafta avval Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 123 nafar mahbusni ozod qilgan, ular orasida Belarus muxolifatining Viktor Babariko va Mariya Kolesnikova kabi liderlari ham bor edi. Oldinroq Lukashenko siyosiy raqibi Sergey Tixanovskiyni ham ozod qilgandi. Bu siyosiy mahbuslar ozod qilinganining asosiy tashabbuskori – Donald Tramp ma’muriyati.

Tramp jamoasi siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqishi uchun jiddiy ter to‘kdi. AQSh nashrlarida Lukashenko mahbuslarni ozod qilishi uchun amerikaliklar unga nimalar taklif qilgani haqida kulgili tafsilotlar paydo bo‘ldi. Tramp muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun Belarus bo‘yicha butun boshli maxsus vakil – Jon Koulni tayinlagandi. U ko‘p marta Belarusga borib, Lukashenko bilan do‘stlashib olgani aytilmoqda. Wall Street Journal'ning yozishicha, ular shunchalik yaqin bo‘lib ketganki, amerikalik diplomat Lukashenkoga ozish uchun turli ukollar va’da qilgan, ular birga aroq ham ichibdi. Shuningdek, amerikaliklar Belarusga «Boeing» samolyotlari uchun ehtiyot qismlar yetkazib berilishini aytgan ekan. Xususan, Lukashenkoning «Boeing-767» shaxciy samolyoti uchun ham.

Rossiyada portlashlar: general va politsiyachilar o‘ldirildi

Hafta davomida Rossiya poytaxti Moskvada ikkita portlash bo‘lib, uch kishi halok bo‘ldi. Avvaliga yengil avtomobil portlashi oqibatida general-leytenant Fanil Sarvarov halok bo‘ldi. Sarvarov oddiy general emas, u qurolli kuchlar Bosh shtabida operativ tayyorgarlik boshqarmasiga rahbarlik qilgan. Amalda Ukrainadagi urushni olib borishdagi detallarga javob beradigan harbiy chinovnik. Shu sabab Sarvarov o‘limi ortida Ukraina turgani haqida versiya darrov o‘rtaga chiqdi.

General Sarvarov o‘ldirilgan joy yaqinida ikki kun o‘tib endi YPX mashinasi portladi. Oqibatda ikki politsiyachi halok bo‘lgan. Politsiyachilar «shubhali shaxsni ta’qib qilayotganda» ularning mashinasi masofadan turib portlatib yuborilgan.

Putin hamdardlik bildirdi

Moskvadagi maktabda o‘ldirilgan tojikistonlik 10 yoshli Qobiljon Aliyev voqeasi butun MDHni larzaga soldi. Bu voqea Rossiyadagi migrantlarga bo‘lgan munosabat masalasini yana kun tartibiga qaytarganiga qaramay, Putin ishtirokida 4,5 soat davom etgan «pryamaya liniya» telemuloqotida biror jurnalist Rossiya prezidentidan bu haqda so‘rashga jazm qilmadi.

Lekin Putin keyinroq Moskvada Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuv boshida Qobiljonning o‘limi uchun tojik xalqiga hamdardlik bildirdi. «Halok bo‘lgan bolaning oila a’zolariga samimiy hamdardligimni yetkazishingizni so‘rayman», dedi Putin Tojikiston prezidenti bilan uchrashuv avvalida.

Bizda hozircha shular, azizlar. Bu sizga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Boya aytganimday, bu 2025 yildagi oxirgi haftalik dayjestimiz bo‘ldi. Umid qilaman, yil davomida sizga yaxshi xizmat qildik. Mehnatimizga rozi bo‘ling. Bizni qo‘llab-quvvatlash uchun Kun.uz YouTube-kanaliga obuna bo‘ling. Aytgancha, 31 dekabr kuni yil yakunlariga bag‘ishlangan 2025 yil dayjestini e’lon qilamiz. Shunday ekan, chorshanbagacha! Bizni kuzatishda davom eting, omon bo‘ling...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid