Jahon | 00:03
3056
13 daqiqa o‘qiladi

Mask frontni «muzlatdi», «Oreshnik» omboriga «Flamingo» bilan zarba – hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 8 fevral, yakshanba. Hafta davomida butun dunyo Epshteyn fayllarini muhokama qildi. Yetti yil avval qamoqxonada o‘lgan pedofil bunchalik mashhur bo‘lib ketishini tasavvur ham qilmagan desak... menimcha, xato bo‘ladi. Chunki bunaqa katta odamlarni o‘zi fohishabozlik qilgan oroliga taklif qilib, ularni rasmga, videoga olgan odam qachondir butun dunyo u haqda gapirishini bilgan.

Tashqaridan qaraganda, xuddi qaysidir davlat razvedkasi Epshteyn degan ayollarga suyagi yo‘q odamni millioner qilib, uni Amerika elitasi ichiga kiritib, endi hammaning ustidan kompromat to‘pla, deganga o‘xshaydi. Axir bu tavqi la’natga uchragan fayllardan kimlarning ismi chiqmayapti deysiz.

Demak bugungi rolikda butun dunyo muhokamasidagi Epshteyn fayllari va boshqa muhim mavzular haqida gaplashamiz. Hafta davomida Ronaldu Saudiya futboliga boykot qildi, Rossiya urush muzokaralarini yana cho‘zishni boshladi, Ukraina o‘zi yasagan qanotli raketa bilan «Oreshnik» uchirilgan poligonga zarba berdi.

Shuningdek, Prigojin sharmanda qilgan rossiyalik generalni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi, Starlink'ni o‘chirgan Ilon Mask rossiyalik Z-blogerlar g‘azabiga uchradi. Va yana boshqa qiziq voqealar sodir bo‘ldi. Quyida haftaning shu va boshqa muhim voqealarini yodga olamiz.

Trampning rasistik posti

AQSh prezidenti Tramp juma kuni o‘ziga tegishli Truth ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida g‘alati video e’lon qildi. Unda go‘yoki 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida ovozlar soxtalashtirilgani haqida gap borgan. Rolik oxirida AQSh sobiq prezidenti Barak Obama va xotini Mishel Obama qo‘shiq kuylayotgan maymun ko‘rinishida tasvirlangan.

Video tezda virus kabi tarqaldi. Hech kim uning mohiyatiga qiziqmadi, Tramp sobiq prezident Obama maymun ko‘rinishidagi tasvirlangan videoni joylaganini muhokama qila boshladi. Mashhur demokratlar Oq uydan izoh talab qildi. Trampning sahifasida 12 soat turgan post o‘chirildi.

Xullas, dunyo mister Trampning davrida hamma narsani ko‘rmoqda: qo‘shni davlat prezidenti olib qochilishini, Eronga zarba berilishini, migratsion politsiya amerikaliklarni otib tashlashini, Yevropa Ittifoqiga tahdid qilinishini va mana, endi Amerika tarixidagi yagona qora tanli prezident Barak Obama butun boshli prezidentining sahifasida maymun ko‘rinishida tasvirlanishini. Xuddi Tramp «Qarab turinglar, men xohlaganimni qilaman, baribir impichment bo‘lmaydi», deb kim bilandir garov o‘ynagandek.

Ronaldu xafa

Hafta davomida milliardlab dollar pul sarflanayotgan Saudiya futbolida mojaro avj oldi. Hukumat darajasidagi strategik dastur deb qaralayotgan futbol megaloyihasi markazida turgan portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu Saudiya suveren fondi uning jamoasi «An Nasr»ga emas, poytaxtning boshqa jamoasi «Al Hilol»ga ko‘proq e’tibor berayotganidan xafa ekan.

Futbolchi «Nasr»ning oxirgi ikki o‘yinida maydonga tushmadi va shu tariqa boshqaruvdan norozi ekanini ko‘rsatdi. Karim Benzema ham «Al Hilol»ga o‘tgani Ronalduning noroziligini kuchaytirgan.

«Rossiya muzokarani cho‘zmoqda»

Hafta davomida Abu Dabida Rossiya, Ukraina va AQSh o‘rtasida navbatdagi uch tomonlama muzokara o‘tkazildi. Kutilganidek, bu muzokaralar jiddiy kayfiyatda o‘tayotgani yo‘q, unda faqat asirlar almashinuvi borasida kelishuvga erishildi xolos, doimgidek.

Siyosatdan yiroq bo‘lgan odam ham tushunib turibdiki, bu mantiqsiz muzokaralar faqat bir maqsadda, urushni cho‘zish uchun o‘tkazilmoqda. Rossiya muzokaralarni cho‘zayotganini tushunish uchun siyosiy fanlar doktori bo‘lish shart emas. Rossiya bu gal ham o‘zining doimiy usulini qo‘llamoqda. Ya’ni biz sulhga rozimiz, lekin... ana shu lekindan keyin doimgidek bajarib bo‘lmas talablar boshlanadi.

Ukraina muzokarachilari vakili, mamlakat parlamenti spikeri Ruslan Stefanchuk ham shu mazmunda gapirdi. «Rossiya muzokaralarni cho‘zmoqda. Ular doim shunaqa qiladi. Biz hech qanday shartlarsiz har qanday narsaga tayyormiz, lekin, lekin, lekin, deyishadi. Amerikaliklarga ham aytdik, bizda Budapesht memorandumi ko‘rinishida juda yomon tajriba bor, shu bois majburiy xavfsizlik kafolati istaymiz», dedi Ukraina vakili.

Hozir Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush chinakam strategik boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Rossiya hatto parcha Pokrovskni ololmayapti, uch martalab egallangani aytilgan Kupyanskni boy berdi. Donbassni hech qanaqasiga kuch bilan ololmayotgan ruslar bu hudud ustidan nazoratni muzokaralar vaqtida urushsiz qo‘lga kiritmoqchi. Ular muzokaralarda Trampga Donbass allaqachon egallab bo‘lingani, hudud to‘liq Rossiya nazoratiga o‘tishi, faqat vaqt masalasi ekanini uqtirib kelishadi. Lekin bu gaplarni bir yildan beri eshitayotgan Tramp ham aftidan endi Moskvaning gaplarini jiddiy qabul qilmayapti.

Epshteyn hamon muhokamada

Dunyo hamon amerikalik pedofil Jyeffri Epshteyn fayllarini muhokama qilmoqda. E’lon qilgan fayllardan nimalar chiqmadi deysiz: KGB haqida versiyalar, xususan, Putinning nomi fayllarda ming martadan ortiq tilga olingan, o‘zbekistonlik qiz tishini davolatish uchun pedofildan pul olgani, Norvegiya qirollik oilasi vakili, Isroil sobiq bosh vazirining pedofil bilan aloqalari. Xullas, yo‘q narsaning o‘zi yo‘q.

Yangi partiyadagi hujjatlarda fahsh masalasidagi fitna nazariyalari bir chekkaga surilib, siyosiy masalalar birinchi planga chiqdi. Ayniqsa Epshteynning Isroil va Rossiya bilan aloqalari ko‘p muhokama qilinmoqda. Kuchli razvedka tizimiga ega bu ikki davlat amerikalik pedofil bilan qanday aloqa qilishi mumkinligi chindan qiziqarli. Chunki hujjatlarda uning Mossad bilan aloqasi bo‘lishi mumkinligi haqida gap boradi.

Epshteynning Isroil sobiq bosh vaziri Ehud Barak bilan yozishmalari ham e’lon qilingan. Ulardan birida pedofil Isroil yetakchisiga «Sen men Mossadga ishlamasligimni aniq qilib aytishing kerak», deb yozgan va gapini smaylik bilan yakunlagan. Bu nimani anglatishini tushunish qiyin emas.

Chindan moliyachining Karib havzasida butun boshli orol sotib olgani, u yerga minglab yosh qizlarni olib borib jinsiy aloqa qilgani, orolga Amerikaning eng katta, eng mashhur odamlari borib bazmlarda qatnashgani va eng qizig‘i hamma o‘sha oroldagi villada rasmga olingani Epshteyn kim uchundir kompromat to‘plagan degan tasavvur uyg‘otadi.

Xullas, bu asr jumbog‘i hali-beri yechilmasa kerak. Mojaroga qanaqa katta odamlar aralashgani hisobga olinsa, o‘sha la’natlangan orolda nimalar bo‘lganini insoniyat bilolmasa ham kerak. Pedofilning o‘zi esa sirlarini allaqachon go‘rga olib ketib bo‘lgan.

Rossiyalik generalga suiqasd

Moskvada yana bir rossiyalik generalga suiqasd qilindi. Noma’lum shaxs general-leytenant Vladimir Alekseyevga bir necha marta o‘q uzib, yashiringan. General tirik qolgani, og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgani aytilmoqda. Alekseyev oddiy general emas, juda katta odam. U Bosh shtab bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i admiral Kostyukovning birinchi o‘rinbosari. Yaxshiroq tushunishingiz uchun, Alekseyev o‘sha mashhur GRUdagi ikkinchi odam. GRU bu Rossiyaning Mossadi.

Bu general 2023 yil iyunida mashhur bo‘lgandi. O‘shanda Rostovdagi Rossiya armiyasi shtabiga bostirib borgan «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojin aynan Alekseyev va general Yunus-Bek Yevkurovdan shtab boshlig‘i Gerasimov hamda mudofaa vaziri Shoyguni olish uchun kelganini aytib, ikki generalni ochiqchasiga kamsitgandi. Holat videosi internetda mashhur bo‘lgan. Videoda Alekseyev Gerasimov va Shoyguni so‘ragan Prigojinga «Olaveringlar», deb javob bergandi. Xuddi mashhur bir rus kinosida soxta shoh Kemska volostni so‘ragan shved elchisiga «olaveringlar», degani kabi.

«Oreshnik» omboriga «Flamingo» bilan zarba

Hafta davomida Ukraina Rossiyaning Astraxan oblastida joylashgan Kapustin Yar poligoniga zarba yo‘lladi. Ukraina qurolli kuchlari xabariga ko‘ra, poligonda joylashgan angar tipidagi binolar majmuasiga muvaffaqiyatli zarbalar berilgan. Bu poligondan Rossiya Ukraina shaharlariga «Oreshnik» ballistik raketalarini uchirgan.

Bu xabarni bekorga keltirmadim, undagi eng ahamiyatli jihatiga e’tibor bering: Astraxan Rossiyaning Ukrainaga chegara qismi emas, ukrainlar Kapustin Yarga zarbani front chizig‘idagi Kramatorskdan turib bergan bo‘lsa ham, raketa kamida 415 km masofa bosib o‘tishi kerak bo‘lgan. Bunaqa olis masofaga Ukraina shu vaqtgacha yoki Amerikaning ATACMS yoki Britaniyaning Storm Shaddow raketalari bilan zarba bergani ma’lum. Lekin bu gal zarba uchun Ukrainaning o‘zida ishlab chiqarilgan «Flamingo» nomli qanotli raketasidan foydalanishgan.

Demak, urushga SSSR davridagi eski texnikalar bilan kirib borgan Ukraina qo‘shnisiga qarshi urushning beshinchi yiliga kelib 400 km uzoqdagi nishonni uradigan shaxsiy raketasiga ega bo‘ldi. Urush ana shunaqa narsa – odam tirik qolish kerak bo‘lsa, ixtirochi bo‘ladi, tinch davlatlar to‘yni videoga olish uchun ishlatadigan dron bilan samolyotni uradi, molotov kokteyli bilan tankni yoqadi...

Starlink mojarosi

Hafta davomida frontda jiddiy o‘zgarish yuz berdi. Esingizda bo‘lsa, Zelenskiy yaqinda Mixaylo Fyodorov degan biz tengi yigitni Ukraina mudofaa vaziri etib tayinlagandi. Ko‘pchilik IT sektoridan chiqqan bu bola harbiy sohada nima qilib yuribdi, deb ham o‘yladi, lekin aynan mana shu dasturchi yigit dronlarni Ukraina armiyasining eng zo‘r quroliga aylantira oldi.

Yosh vazir ishga kirishishi bilan Rossiya armiyasiga muammo tug‘dira boshladi. U ruslar Starlink terminallaridan Ukrainaga hujum qilish uchun foydalanayotganini Ilon Maskka isbotlab berdi. Starlink Rossiyada rasman ishlamaydi, lekin ruslar terminallarni uchinchi davlatlar orqali sotib olib, dron uchirish va muloqot uchun foydalanib keladi.

Ilon Mask balki bundan xabari bo‘lmagandir, milliarder Ukraina mudofaa vazirining so‘rovidan keyin frontda Starlink faoliyatini chekladi. Oqibatda ruslar kommunikatsiya va dronlar bilan bog‘liq jiddiy muammoga duch keldi. Z-blogerlar yoppasiga Maskni qarg‘ab post yozdi.

Shu yerda savol paydo bo‘ladi: Ukraina-ku tushunarli, boy davlat emas, urush boshida armiyasi ham kuchsiz edi, qo‘shnisidan har qanaqa vosita bilan himoyalanmoqda, lekin «dunyoning ikkinchi armiyasi», ya’ni Rossiya armiyasi nahotki Amerika kompaniyasi yaratgan internetga shunchalik bog‘lanib qolgan bo‘lsa? Nahotki ularda dronlarni uchirish va muloqot uchun sun’iy yo‘ldoshli internetiga muqobil aloqa vositasi bo‘lmasa? Amerikaliklar texnikasiga tayanib qolish qanchalik patriotizmga xos, janoblar? Demak Rossiya armiyasining yurishini Amerikada birgina tugmani bosib to‘xtatish mumkin ekan-da?

Bu holatdan ikki xulosaga kelish mumkin: birinchidan, hech qachon bir davlat harbiylari aloqa masalasida boshqa davlat texnikasiga ishonib qolishi kerak emas; ikkinchidan, davlat amaldorlari yosh, zamonaviy texnologiyalardan boxabar insonlar bo‘lsa, o‘z ishini yaxshi bajaradi. Omon bo‘ling, azizlar. Keyingi yakshanbagacha.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов

Mavzuga oid