O‘zbekiston | 16:14
8475
2 daqiqa o‘qiladi

Dilfuza Uralova hokimlikdan ketdi

2020 yil fevralidan buyon Sirdaryo viloyati Boyovut tumaniga hokimlik qilib kelgan Dilfuza Uralova «boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan» vazifasidan ozod etildi. Uning o‘rnini Shirin shahrining sobiq hokimi Niyoz Hazratqulov egalladi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

29 dekabr kuni xalq deputatlari Boyovut tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi.

Shu kunga qadar tuman hokimi vazifasida faoliyat olib borgan Dilfuza Jumanovna Uralova boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Boyovut tumani hokimi vazifasidan ozod etildi.

Sessiyada yana bir tashkiliy masala ko‘rilib, deputatlar Niyoz Namozboyevich Hazratqulovni Boyovut tumani hokimi lavozimiga tasdiqlashgan.

Niyoz Hazratqulov 1983 yilda Sirdaryo tumanida tavallud topgan. Ushbu tayinlovga qadar Shirin shahri hokimi lavozimida faoliyat olib borgan.

Niyoz Hazratqulov

Ma’lumot uchun, Dilfuza Uralovaning asli kasbi o‘qituvchi bo‘lib, 2017 yildan Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan, 2020 yil 18 fevral kuni Boyovut tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi. U o‘shanda respublikadagi ilk ayol hokimga aylangandi.

2024 yil noyabrida ijtimoiy tarmoqlarda Dilfuza Uralova fermerni haqoratlab, IIB xodimlariga uni qamab qo‘yishni buyurgani aks etgan audio tarqalgandi. O‘shanda unga nisbatan intizomiy jazo choralarini ko‘rish uchun viloyat hokimiga taqdimnoma kiritilgandi.

Uning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot berilmadi.

Mavzuga oid