Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gulyaypoleda ko‘cha janglari: RF bir sutkada o‘nlab hujum uyushtirdi
“Janub” guruhi mudofaa kuchlari ma’lum qilishicha, so‘nggi bir sutka ichida RF qo‘shinlari Gulyaypoleda ukrain pozitsiyalariga qariyb yigirma marta hujum qilgan. Ular ma’lumotiga ko‘ra, shaharning “salmoqli qismi” hanuz ukrain harbiylari nazoratida qolmoqda.
Ukrainaning Zaporijjya viloyatidagi Gulyaypolening bir qismi Rossiya Qurolli kuchlari nazoratida, shahardagi vaziyat esa “haqiqatan ham murakkab”. Bu haqda yakshanba, 28 dekabr kuni, Ukraina armiyasining operativ birlashmasi bo‘lgan “Janub” guruhi mudofaa kuchlari Telegram’da ma’lum qildi.
Ukraina harbiylariga ko‘ra, RF QK hujum harakatlarini faol olib bormoqda va “mustahkamlanish” (egallangan joyda o‘rnashib olish) bo‘linmalarini shakllantirishga urinmoqda. “Janub” guruhi ma’lum qilishicha, Rossiya qo‘shinlari “ham tirik kuch, ham qurol-yarog‘da sezilarli ustunlikka” ega: ular kamikadze-dronlar va artilleriyadan faol foydalanmoqda, boshqarilmaydigan aviatsiya raketalari bilan havodan zarbalar bermoqda hamda aviabombalarni qo‘llamoqda.
Xabarda aytilishicha, o‘tgan sutka ichida RF qo‘shinlari shaharda Ukraina pozitsiyalariga qariyb yigirma marta hujum uyushtirgan, ko‘chalarda shiddatli janglar ketmoqda. Shu bilan birga, “Gulyaypolening salmoqli qismini Ukraina mudofaa kuchlari hanuz ushlab turibdi”, deya ta’kidlanadi operativ birlashma bayonotida.
Ukraina armiyasi baholashicha, 28 dekabr kuni Rossiya armiyasi Gulyaypoleda 300 nafardan ziyod shaxsiy tarkibini va oltmishga yaqin texnika hamda qurol-yarog‘ni yo‘qotgan.
“Janub” guruhiga ko‘ra, Ukraina Zaporijjya viloyatidagi Stepnogorskda ham mudofaa harakatlarini davom ettirmoqda. Rossiya harbiylari asosiy yo‘l orqali posyolkaga kirishga urinmoqda, ammo aholi punktining bir qismi hali ham ukrain himoyachilari nazoratida qolmoqda, deyiladi xabarda.
Ukraina mudofaa kuchlari ta’kidlashicha, RF prezidenti Vladimir Putinning bayonotlari va RF QK bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovning Gulyaypole hamda Stepnogorsk haqidagi hisobotlari “Kupyanskdagi vaziyat”ni eslatadi.
Bundan bir kun oldin Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi vakillari Kremlning Zaporijjya viloyatidagi Gulyaypoleni va Donetsk viloyatidagi Mirnoxradni egallagani haqidagi da’volari faktlar bilan tasdiqlanmasligini bildirgan.
Ukraina armiyasi, shuningdek, Donetsk viloyatidagi Konstantinovkaning yarmini nazoratga olgani haqidagi RF iddaolarini ham “uydirma” deb atagan. Bundan tashqari, Ukraina QK Pokrovsk (Donetsk viloyati) mudofaasi 17 oydan beri davom etayotgani, RF qo‘shinlari u yerda “sezilarli yo‘qotishlar” ko‘rayotganini ta’kidladi.
Ukraina bosh shtabi bahosiga ko‘ra, “rossiyaliklarning yolg‘oni” avvalo “xorijiy sheriklar”ga qaratilgan bo‘lib, “aynan tinchlik muzokaralari vaqtida keskin faollashgan”.
Kreml matbuot xizmati 27 dekabr kuni xabar qilishicha, Gerasimov Putinga birlashgan qo‘shinlar guruhi boshqaruv punktida bergan hisobotida, jumladan, Rossiya qo‘shinlari Mirnoxrad shahrini (Gerasimov shaharning avvalgi nomi — Dimitrovni ishlatgan) va Gulyaypoleni egallaganini aytgan.
Mavzuga oid
14:20
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
18:53 / 10.06.2026
Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi
16:47 / 10.06.2026
Ukraina «Flamingo» raketalari bilan Cheboksarga zarba berdi
10:00 / 10.06.2026