Jahon | 11:34
789
3 daqiqa o‘qiladi

KXDR Sariq dengiz yo‘nalishida ikki qanotli raketa sinovini o‘tkazdi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Sariq dengiz yo‘nalishi tomon ikki strategik qanotli raketaning uchirilishini ko‘zdan kechirdi. Pxenyan “yadroviy kuchlarni cheklanmagan va barqaror rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solish”ga va’da berdi.

Foto: rodong.rep.kp

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Koreya yarimoroli g‘arbida, Sariq dengiz yo‘nalishi tomon uchirilgan uzoq masofali ikki strategik qanotli raketaning sinov parvozini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda dushanba, 29 dekabr kuni, “Ryonxap” va AFP axborot agentliklari xabar berdi.

Shimoliy Koreyaning KMTA (KCNA) agentligi aniqlashtirishicha, raketalar 28 dekabr kuni belgilangan trayektoriya bo‘yicha 10 199 soniya va 10 203 soniya uchgan, shundan so‘ng nishonni urib tushirgan.

Seuldagi ma’lumotlarga ko‘ra, raketalar Pxenyan yaqinidagi Sunan hududidan uchirilgan.

Bundan oldin Shimoliy Koreya noyabr oyi boshida ballistik raketalar sinovini o‘tkazgan edi — bu AQSh prezidenti Donald Tramp mintaqadagi tashrifi chog‘ida Kim Chen In bilan uchrashishdan manfaatdor ekanini bildirganidan taxminan bir hafta o‘tgach sodir bo‘lgan. Pxenyan bu taklifga javob qaytarmagan.

Oktyabr oyida AQSh Janubiy Koreya uchun yadroviy suvosti kemasini qurib berishi ma’lum qilingan edi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Seulga tashrifi vaqtida bayonot bergan. “Bizning harbiy ittifoqimiz har qachongidan ham mustahkam. Shuning uchun men ularga hozirdagi eskirgan va ancha kam manyovrli dizel suvosti kemalari o‘rniga yadroviy suvosti kemasini qurish uchun ruxsat berdim”, — deb yozgan Tramp 29 oktyabr kuni TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida.

Shu bilan birga, The New York Times gazetasi 25 dekabr kuni KXDR o‘zining yadroviy energetik qurilmaga ega ilk suvosti kemasi fotosuratlarini namoyish etganini xabar qildi.

Mutaxassislar har ikki Koreya tez sur’atda qurollanish poygasiga tortilayotgani, Shimoli-Sharqiy Osiyodagi boshqa mamlakatlar ham mudofaa xarajatlarini oshirayotgani haqida ogohlantirmoqda. “Hech qanday shubha yo‘q — biz allaqachon qurollanish poygasida turibmiz. AQSh ittifoqchilari orasida mintaqada amerikaliklarning xavfsizlik bo‘yicha va’dalaridan xavotir kuchaymoqda”, — degan edi DW’ga bergan intervyusida tarix va xalqaro munosabatlar bo‘yicha Kunmin universiteti professori Andrey Lankov.

Mavzuga oid