Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moskvada dronlar sabab 312 ta aviareys kechiktirildi va bekor qilindi
Dronlar hujumi xavfi sabab joriy etilgan cheklovlar oqibatida Moskva aeroportlarida 270 ta reys kechiktirildi, yana 42 tasi bekor qilindi, 69 ta reys esa zaxira aerodromlarga yo‘naltirildi.
Dronlar hujumi xavfi bilan bog‘liq cheklovlar tufayli Moskvadagi Vnukovo va Sheremetevo aeroportlarida shanba, 27 dekabr kuni qariyb 400 ta reys kechiktirilgan, bekor qilingan yoki zaxira aerodromlarga yo‘naltirilgan.
Jami hisobda ikki aeroportda 270 tadan ortiq reys kechiktirildi, 42 tasi bekor qilindi, yana 69 ta reys zaxira aerodromlarga burildi. Sheremetevoda aniqlashtirilishicha, qo‘nish va uchib ketish bo‘yicha 17 tadan reys bekor qilingan, 32 ta reys kechikkan, yana 49 ta reys zaxira aerodromlarga yo‘naltirilgan.
“Aeroflot” kompaniyasi “jadvalni tuzatib borayotgani”ni ma’lum qildi. Moskvaga uchayotgan reyslarning bir qismi Domodedovo, Sankt-Peterburg, Nijniy Novgorod, Qozon, Saratov, Samara, Yekaterinburg aeroportlariga yo‘naltirilgan. “Pobeda” aviakompaniyasi ham reyslar “majburiy tarzda qayta moslashtirilgani” haqida xabar berdi.
Moskva aeroportlari samolyotlarni qabul qilish va jo‘natishga doir cheklovlarni mahalliy vaqt bilan soat taxminan 17:00 lar atrofida, dronlar hujumi tufayli joriy etgan. Cheklovlar yarim tun atrofida bekor qilingan. Bundan oldin Moskva meri Sergey Sobyanin shahar tomon uchib kelayotgan kamida 26 ta dron urib tushirilganini bildirgan.