Jahon | 20:04 / 29.12.2025
4657
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Nursulton Nazarboyevning xorijga chiqishini cheklash taklif etildi

Qozog‘iston Majlisi deputati Yermurat Bapi davlat siridan xabardor bo‘lgan sobiq yuqori martabali amaldorlarning chet elga chiqishini qonuniy cheklashni taklif qildi. U bunday shaxslar qatorida Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevni ham tilga oldi. Tashabbusga Nazarboyevning yaqinda Kremlda Vladimir Putin bilan uchrashuvi sabab bo‘lgan. Deputatning fikricha, bunday safarlar «milliy xavfsizlikka tahdid qilishi» mumkin.

Foto: TASS

Orda nashri tomonidan keltirilgan Bapi so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezidentlar, vazirlar va boshqa sobiq amaldorlar ega bo‘lgan davlat sirlari mamlakat xavfsizligi omili bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun ularning xorijga chiqishiga huquqiy to‘siq kerak. Deputat misol tariqasida xalqaro amaliyotga, jumladan, Xitoydagi cheklovlarga ishora qildi.

«Mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun davlat sirlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan shaxslarning chet elga chiqish imkoniyatini tartibga soluvchi qonun zarur», deb yozdi Bapi.

U Nazarboyev va Qayrat Kojamjarov kabi shaxslar uchun oldindan «chegara nazorati» yoki «qizil bayroq» o‘rnatishni taklif qildi. Deputat so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezidentning Moskvaga safari Qozog‘iston davlat organlari va jamiyatiga bosim sifatida qabul qilinishi mumkin. Keyinroq Bapi jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, sodir bo‘layotgan voqealardan mamlakat uchun siyosiy foyda ko‘rmayotganini ham aytdi.

«O‘z yurtida, o‘z xalqida tayanch topolmagan odamga achinaman. Endi u mamlakat tashqarisidan yordam izlashga majbur. Bu sobiq prezident uchun fojia», dedi deputat.

Bu Nazarboyevning Putin bilan 2025 yildagi ikkinchi uchrashuvi edi. Ular o‘rtasidagi avvalgi bunday uchrashuv may oyida bo‘lib o‘tgan.

Qozog‘istonda davlat xizmatchilari va davlat sirlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan boshqa shaxslar uchun chet elga chiqishga cheklovlar allaqachon mavjud. Ular «Davlat siri to‘g‘risida»gi qonunda mustahkamlangan va maxfiy ma’lumotlarni himoya qilishga qaratilgan.

Xorijga chiqishga to‘liq avtomatik taqiq yo‘q, ammo chet elga chiqish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirilgan davlat organi yoki tashkilot rahbariyati bilan majburiy ravishda kelishilishi kerak. Maxfiy ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati berilganda tegishli majburiyatlar imzolanadi.

Ayrim hollarda cheklashlar xizmat to‘xtatilgandan keyin (iste’fodan keyin) ham, agar bu ruxsat berish shartlarida nazarda tutilgan bo‘lsa, saqlanib qolishi mumkin. Kelishilmagan chiqish intizomiy yoki ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Maxfiylik rejimiga rioya etilishi ustidan nazorat Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Bunday amaliyotga hukumat tomonidan milliy xavfsizlikni ta’minlashning standart chorasi sifatida qaraladi.

Mavzuga oid