Jahon | 14:18
903
2 daqiqa o‘qiladi

ZAES yaqinida ta’mirlash davomida o‘t ochish vaqtincha to‘xtatildi

Zaporijjya AES yaqinida elektr uzatish liniyalarini ta’mirlash ishlari bir necha kun davom etadi. Shu ta’mirlash vaqtida Rossiya va Ukraina o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatishga kelishgan.

Foto: Konstantin Mixalchevskiy / RIA Novosti

Rossiya va Ukraina Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) vositachiligida Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES) hududida elektr uzatish liniyalarini ta’mirlash uchun vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi. Bu haqda AEXA bosh direktori Rafael Grossi yakshanba, 28 dekabr kuni ma’lum qildi.

Agentlik xabarida: “Ukrainadagi ZAES yaqinida AEXA vositachiligida erishilgan navbatdagi mahalliy o‘t ochishni to‘xtatishdan so‘ng elektr uzatish liniyalarida eng muhim ta’mirlash ishlari boshlandi”, deyiladi. AEXA guruhi ta’mirlash ishlarini kuzatib bormoqda, ular bir necha kun davom etishi kutilmoqda.

Shu vaqt ichida ZAESning taqsimlash podstansiyalari bilan Zaporijjya issiqlik elektr stansiyasi o‘rtasida elektr energiyasi uzatilishini tiklash rejalashtirilgan. AEXA ijtimoiy tarmoqlardagi xabarida: “bosh direktor Grossi har ikki tomonga ushbu yangi vaqtincha ‘sukunat davri’ga rozi bo‘lgani uchun minnatdorlik bildiradi”, deyilgan.

Zaporijjya AES — Yevropadagi eng yirik atom stansiyasi. U 6000 MVt umumiy quvvatga ega bo‘lgan oltita energoblokdan iborat. Stansiya Energodar yaqinida, qurib borayotgan Kaxovka suv omborining janubiy sohilida joylashgan. Rossiya 2022 yil mart oyida, Ukrainadagi urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay, ZAESni okkupatsiya qildi va uni “Rosenergoatom” boshqaruviga o‘tkazdi.

ZAESdagi barcha reaktorlar to‘xtatilgan, ammo ular doimiy sovitishni talab qiladi. Sovitish tizimi tashqi tarmoqdan keladigan elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Agar elektr ta’minoti uzilib qolsa, dizel generatorlar ishga tushiriladi. Urush davomida stansiya bir necha bor o‘qqa tutilgan, bu hujumlarda Rossiya ham, Ukraina ham bir-birini ayblab keladi.

ZAESni urushdan keyin kim boshqarishi masalasi AQSh vositachiligida Ukrainada tinchlikka erishish yo‘llari muhokamasida asosiy masalalardan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid