Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya: Tinchlik kelishuvi - g‘arb kuchlarini Ukrainaga yuborish uchun asosiy shart
Germaniya hukumatiga ko‘ra, xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash maqsadida G‘arb harbiylarini Ukrainaga yuborishning eng asosiy sharti - Moskva va Kiyev o‘rtasida tinchlik kelishuvi tuzilishi.
Foto: Guido Bergmann/Bundesregierung/Getty Images
Germaniya hukumati fikricha, g‘arb davlatlari harbiy xizmatchilaridan tashkil topgan “ko‘pmillatli kuchlar”ni Ukrainaga jo‘natish uchun asosiy shart — Kiyev bilan Moskva o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolanishidir. Bu haqda Germaniya hukumatining rasmiy vakili Sebastian Xille dushanba kuni, 29 dekabrda ma’lum qildi.
“Bir narsa aniq: Ukrainaga AQSh va yevropaliklar tomonidan ham huquqiy, ham moddiy jihatdan salmoqli xavfsizlik kafolatlari kerak”, — deb ta’kidladi u. Xillening aytishicha, Germaniya hukumati AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainada tinchlikka erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarini ijobiy baholaydi. “Endilikda navbat Rossiyada — urushga chek qo‘yish va adolatli tinchlikka kelish”, — deb hisoblaydi Xille.
Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari muhokama qilinayotgan sharoitda Yevropa davlatlari kelajakdagi tinchlik kelishuvini ta’minlash uchun “ko‘pmillatli kuchlar” tuzishni taklif qildi. Bunday kuzatuv missiyasi Ukraina osmoni va dengizni himoya qiladi, Ukraina Qurolli kuchlarini qayta tiklashga ko‘maklashadi, shuningdek razvedka va moddiy-texnikaviy ta’minot (logistika) qo‘llab-quvvatlashini amalga oshiradi.
2025 yil 24 dekabrda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning tajovuzkor urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokara tomonlari muhokama qilayotgan 20 banddan iborat tinchlik rejasi loyihasini ilk bor oshkor qildi. Jumladan, uning 14-bandida tinchlik kelishuvi imzolangan sanada Rossiya va Ukraina qo‘shinlari to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab xalqaro kuchlarni joylashtirish nazarda tutilgan.
28 dekabr kuni Volodimir Zelenskiy va Donald Tramp Floridada muzokaralar o‘tkazgan. Ularning yakunlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti tinchlik rejasi 90 foizga kelishilgani, AQSh tomonidan xavfsizlik kafolatlari esa to‘liq tasdiqlanganini aytgan. Biroq Zelenskiy bu kafolatlar aniq nimalarni o‘z ichiga olishini ochiqlamagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir tomonlar Ukraina uchun 15 yillik, keyin uzaytirish imkoni bor xavfsizlik kafolatlari variantini muhokama qilmoqda. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Oq uy rahbaridan bu muddatni 30–50 yilgacha kengaytirishni so‘ragan.
Mavzuga oid
16:16
Germaniyada Usmonovga qarshi ochilgan ikkinchi tergov ham to‘xtatildi
16:11
Ukraina Pokrovsk yaqinida asirlar o‘ldirilgani bo‘yicha tergov boshladi
14:30
Germaniya TIV: Rossiya fuqarolariga nisbatan “asossiz ta’qib” yo‘q
10:15