Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kreml Putin qarorgohiga «hujum» yuzasidan dalil keltirmayapti
Peskov esa bunga «qandaydir dalil shart emasligi»ni aytdi va aslida amalga oshirilgani gumon ostida bo‘lgan «hujum»ni terakt deb baholab, «harbiylar javob qaytarishi»ni qo‘shimcha qildi.
Foto: navalny.com
RF mudofaa vazirligi harbiy ma’lumotni rasmiy versiyaga moslashtirmoqda: Lavrov 91 ta dron bilan hujum qilinganini aytgandi, vazirlikning o‘sha kungi bayonotida Valday joylashgan Novgorod oblasti hududida 18 ta dron urib tushirilgani ma’lum qilingandi. Mahalliy aholi esa dronlar ovozi va havo hujumidan himoya vositalari ishga tushganidan keyin bo‘ladigan portlash ovozlarini eshitmagan. Mahalliy pabliklarda ham hujum oqibatlari aks etgan kadrlar chiqmadi.
Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Ukraina dronlari Vladimir Putinning Valdaydagi qarorgohiga hujum uyushtirgani haqida bayonot berganidan bir kun o‘tib ham bu hujum chindan ro‘y berganiga dalillar taqdim etilmadi – ammo bir qancha davlatlar yetakchilari bu «hujum»ni qoralab chiqishdi.
BAA tashqi ishlar vazirligi «hujum»ni «jirkanch» deb atagan. Idora Rossiya prezidenti, hukumati va xalqi bilan birdamligini tasdiqladi va «BAA xavfsizlik va barqarorlikka putur yetkazishga qaratilgan zo‘ravonlikning har qanday shaklini qabul qilmasligi»ni ta’kidladi. Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Putin qarorgohiga «hujum» haqidagi xabarlardan «chuqur xavotirda» ekani haqida rus tilida post joylashtirdi. «Hozirgi diplomatik sa’y-harakatlar harbiy harakatlarni to‘xtatish va tinchlikka erishishning eng maqbul yo‘lidir. Biz barcha manfaatdor tomonlarni ushbu yo‘lga e’tibor qaratishga va jarayonga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan tiyilishga chaqiramiz», – deb yozgan Modi.
Kreml bayonotiga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham «hujum»ni qoralab bayonot berdi – ikki prezident ham 30 dekabr kuni Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashgan.
Rossiya rasmiylari haligacha Ukraina Putinning qarorgohiga hujum qilishga uringaniga oid dalillarni keltirmadi. Lavrov o‘z bayonotida Ukraina 91 ta zarbdor dron bilan hujum qilgani haqida aytgandi. Rossiya mudofaa vazirligining 29 dekabr kuni ertalab bergan hisobotida esa Rossiya uzra ukrainlarning jami 89 ta droni to‘xtatilgani va yo‘q qilingani haqida ma’lum qilgandi, shundan faqat 18 tasi – Valday qarorgohi joylashgan Novgorod oblasti hududiga kirgan. Bir yarim soat o‘tib harbiy idora ushbu regionda yana 23 ta dron urib tushirilgani haqida xabar berdi. 29 dekabr kuni, Lavrovning bayonotidan keyin, mudofaa vazirligi yangi post e’lon qildi, unda raqamlardagi tafovutni izohlashga harakat qilingan. Harbiy idoraning ta’kidlashicha, Lavrovning bayonotida keltirilgan miqdor Bryansk oblastida to‘xtatilgan 49 ta dron hamda Smolensk oblasti uzra tutib qolingan yana bir dronni ham o‘z ichiga olgan: vazirlik ular ham «Novgorod oblasti yo‘nalishida uchgani»ga ishontirishga uringan.
Valdaydagi mahalliy aholi vakillari esa dronlar uchib o‘tishi yoki ularning yo‘q qilinishi vaqtidagi ovozlarni eshitishmagani, shuningdek, hujum xavfi haqida ogohlantirish bo‘lmaganini aytmoqda, deb yozadi 10 dan ortiq odam bilan suhbatlashgan «Mojyem ob’yasnit» va Sota project telegram-kanallari. Mahalliy forumda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham havo hujumidan mudofaa kuchlari ishlagani yoki mazkur regionda dronlar harakatlanganidan darak beruvchi foto yoki videolar uchramadi, deya Urushni o‘rganish instituti xodimi Greys Meppsning so‘zlarini keltiradi The Wall Street Journal.
Kreml hujumni ham Putinga, ham Donald Trampga (va uning Rossiyaning Ukraina bilan urushini to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlariga) qarshi qaratilgan terakt deb atadi. «Agar dronlarning bunday yopirilma hujumi amalga oshirilayotgan bo‘lsa, bu yerda qandaydir dalillar bo‘lishi kerak, deb o‘ylamayman. <...> Ko‘ryapmizki, Zelenskiyning o‘zi ham buni rad etishga harakat qilmoqda va G‘arbdagi ko‘plab ommaviy axborot vositalari Kiyev rejimiga qo‘shilib, bunday bo‘lmagani haqidagi mavzuni targ‘ib qila boshladi. Bu ahmoqona da’volar», – dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. U Rossiya harbiylari «qanday, nima bilan va qachon javob berishni bilishi»ni qo‘shimcha qilgan.
Federal telekanallar «hujumga urinish»ni batafsil yoritdi – masalan, «Rossiya 1» telekanalida «Vecher s Vladimirom Solovyovym»ning maxsus efiri namoyish etilgan. Boshqa dasturlardagi «ekspertlar» Ukraina «Rossiyaga rasman urush e’lon qilgani»ni aytishgan, G‘arbni hujum uyushtirishda yordam berishda ayblashgan va Kiyevdagi hukumat binolariga «Oreshnik» orqali zarba berish bilan tahdid qilishgan.
Volodimir Zelenskiy Lavrovning bayonotlarini «RFning navbatdagi yolg‘oni» deb atadi va Rossiya Kiyevdagi hukumat binolariga zarba berish uchun «zamin tayyorlayotgani»ni taxmin qildi.
Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga bir kun o‘tib ham Rossiya o‘z ayblovlariga hech qanday dalil keltirmaganiga e’tibor qaratgan. «Taqdim eta olmaydi ham. Chunki ular yo‘q. Hech qanday hujum bo‘lmagan», - deb yozdi Sibiga. U Ukraina BAA, Hindiston va Pokistonning bayonotlaridan «hafsalasi pir bo‘lgani»ni aytib, uchala davlat ham «2025 yil 7 sentabrda Rossiyaning haqiqiy raketasi Ukraina hukumatining haqiqiy binosiga tekkanida hech qanday rasmiy bayonot bermagani»ni eslatgan.
Mavzuga oid
23:41 / 30.12.2025
Yil yakunida axborot urushi: Rossiya Putin qarorgohiga zarba berilganini aytmoqda
21:29 / 30.12.2025
Kreml Putinning qarorgohiga hujum uyushtirilgani haqidagi bayonotlardan keyin uning manzilini maxfiylashtirdi
14:46 / 30.12.2025
Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinning qarorgohiga hujum qilishga urinishni qoraladi
12:10 / 30.12.2025