Moliya | 16:17
791
12 daqiqa o‘qiladi

Pulli obunalardan qanday foydalanish va pul tejash mumkin?

To‘lov ilovalari pul o‘tkazish, ijara va kommunal to‘lovlarni amalga oshirishning asosiy usuliga aylandi. P2P o‘tkazmalar uchun komissiya odatda 1% ni tashkil qiladi va oyiga 5–7 million so‘m miqdoridagi o‘tkazmalarda faqat komissiyaning o‘zi 70 000 so‘mgacha ortiqcha xarajat keltirib chiqaradi.

Foto: Shutterstock

Pulli obunalar ushbu komissiyaning bir qismini olib tashlash, pullarni keshbek orqali qaytarish va strimingdan tortib teletibbiyotgacha bo‘lgan qo‘shimcha servislarni berishni va’da qiladi.

Kun.uz to‘lov ilovalarida pulli obunalarni qachon ulash foydali ekanini tekshirib ko‘rishga qaror qildi. Buning uchun to‘rtta ommabop servis: Click Premium, Payme Plus, TBC Plus va Hambi Smart tanlandi. Quyida obunalarning funksiyalari, komissiya va keshbeklarda pul tejash hamda obunani yoqishdan oldin e’tibor berish kerak bo‘lgan jihatlarga nazar tashlaymiz.

Qanday obunalar taklif etilmoqda?

  • Click Premium — oyiga 35 000 so‘m, 10 mln so‘mgacha komissiyasiz pul o‘tkazish.
  • Payme Plus — oyiga 39 990 so‘m evaziga «Hammasi ichida» tarifi, 5 mln so‘mgacha komissiyasiz pul o‘tkazish; «Bazaviy» tarifi va 4 990 so‘mga «Monitoring» xizmati ham bor.
  • Hambi Smart — oyiga 25 000 so‘m, 20 mln so‘mgacha komissiyasiz pul o‘tkazish.
  • TBC Plus — oyiga 29 999 so‘m, hamkorlardan 5%gacha va har qanday xaridlarga 1-2% keshbek.

Payme jamoasi foydalanuvchilar harakati bo‘yicha tahlilini taqdim etdi: obunachilarning 40 foizi oyiga 4 990 so‘mlik «Monitoring» xizmatini tanlaydi — P2P va keshbeksiz, faqat xarajatlar tahlili. «Hammasi ichida» to‘liq paketini ilovadan faol foydalanadigan va nima uchun pul to‘layotganini tushunadigan 10 foizga yaqin foydalanuvchi ishlatadi. «Bazaviy» tarifi esa ulushi 1 foizga yaqin bo‘lgan, tor doiraga mo‘ljallangan mahsulot bo‘lib qolmoqda.

Pul o‘tkazmalarida qanday tejash mumkin?

Bu barcha obunalarning asosiy funksiyasidir.

Limit va narx nisbati bo‘yicha Hambi Smart «1 mln limit» uchun eng past tarifni taqdim etadi.

Payme analitikasi ko‘rsatishicha, obunachilarda tranzaksiyalar chastotasi obunasisiz foydalanuvchilarga nisbatan 2–3 barobar yuqori. Odamlar albatta ko‘p pul o‘tkazmaydi, ammo alohida operatsiyalarni ko‘proq amalga oshiradi. Ko‘pchilik limitdan qisman foydalanadi; uni to‘liq ishlatadiganlar esa muntazam yirik o‘tkazmalari bo‘lgan foydalanuvchilardir.

Oddiy ssenariylar:

  • oila a’zolariga muntazam pul o‘tkazishlar;
  • maishiy to‘lovlar: ijara, ustaxona, birgalikdagi xarajatlar;
  • kichik guruhlardagi yig‘imlar — do‘stlar, hamkasblar.

Click Premium ofertasida limit qoldig‘idan oshib ketganida o‘tkazmaning ortiqcha qismidan emas, to‘liq summadan komissiya olinishi ko‘rsatilgan: 2 mln qoldiq va 3 mln o‘tkazma bo‘lganida 1%lik komissiya 10 000 so‘m, emas, 30 000 so‘m bo‘ladi.

Payme va Hambi ilovalarida bunday shart yo‘q — limit tugaganidan so‘ng operatsiyalar umumiy asosda amalga oshadi. Barcha xizmatlarda bepul o‘tkazmalar faqat Uzcard va Humo kartalari uchun amal qiladi.

Qancha keshbek olish mumkin?

Keshbeklar har bir obunada turlicha.

Click Premium

Click Premium mobil aloqa, kommunal xizmatlar va ayrim xaridlar uchun keshbek beradi. Keshbek ilova ichidagi Click-hamyonga tushadi, uni kartaga o‘tkazish yoki boshqa to‘lovlarga sarflash mumkin. Miqdori toifaga qarab belgilanadi:

  • Perfectum — 5%
  • Beeline, Ucell, Mobiuz, Uzmobile — 0,6%
  • Kommunal xizmatlar — oshirilgan keshbek
  • Firma kartalarida xarid — 4%gacha

Ofertada keshbeksiz amaliyotlar ko‘rsatilgan: soliqlar, jarimalar, kreditni so‘ndirish, temiryo‘l chiptalari, xayriya va avtoto‘lovlar.

Payme Plus

Payme Plus aksariyat to‘lovlar uchun 1% keshbek hisoblaydi — u to‘lovlarning 90% dan ortig‘iga amal qiladi. Keshbek bilan to‘lov qilinganda yangi keshbek hisoblanmaydi, operatsiya bekor qilinganida esa avval hisoblangan bonuslar bekor qilinadi.

Payme Plus bilan keshbek hisobiga oyiga o‘rtacha 70 000 so‘m tejash mumkin. Odatda bu pullar darhol aloqa, kommunal xizmatlar va QR-to‘lovlar uchun ishlatiladi, shu bois tejamkorlik xarajatlarni darhol kamaytiradi.

Hambi Smart

Hambi Smart ilovasida keshbek yo‘q, lekin chegirma va bonuslar bor:

  • BeeMarket — gadjetlar va texnikaga 5% chegirma: smartfonlar, smart-soatlar, planshetlar, kompyuterlar, aqlli uy
  • Osnova — birinchi oy o‘qish bepul, ikkinchi oydan 50% chegirma
  • VIP-qo‘llab-quvvatlash — koll-markazda ustuvor xizmat ko‘rsatish
  • Reklama yo‘q — butun obuna davri davomida ilovada reklamani o‘chirish

TBC Plus

TBC Plus — yaqinda ishga tushirilgan, bozorda o‘ziga xos mahsulot bo‘lgan obuna. U bank ichidagi qo‘shimcha qiymatga ega xizmatlarga, jumladan keshbek, loyallik dasturi va ilovadagi kengaytirilgan imkoniyatlarga kirishni ta’minlaydi.

TBC Plus nimalarni o‘z ichiga oladi:

  • Salom Card orqali terminallarda to‘langanida 1% keshbek – qahvaxona, do‘kon va boshqa savdo nuqtalarida, oyiga 500 000 so‘mgacha. Salom Visa kartasida keshbek jamlanadi: 1% Visa + 1% TBC Plus = bir xarid uchun 2%. Salom Card hamkorlarida keshbek 5%ni tashkil etadi.
  • Hisob-Kitob — barcha tranzaksiyalar tarixi, barcha kartalarni boshqarish, xarajatlarning batafsil tahlili.
  • Ko‘proq mukofotlar —TBC Stars dasturida to‘lov uchun ikki karra ko‘p yulduzlar, TBC Friends referal dasturida kengaytirilgan limit (Salom Visa kartasi uchun 30 000 so‘m yoki TBC Plus ulangani uchun 10 000 so‘m – ilk 5-10 nafar do‘st uchun to‘lanadi).
  • Yandex Plus — filmlar, musiqa, podkastlar.
  • Har hafta Safia dan bepul qahva — obuna narxi oyiga 29 999 so‘mligi hisobga olinsa, har hafta bir marta bepul qahva obuna narxini qoplaydi.

Xarajatlarni qanday kuzatish mumkin?

Uchala obuna ham kartalar bo‘yicha amaliyotlar tarixini ko‘rish imkonini beradi, lekin funksiyalar hajmi farqlanadi.

  • Click Premium kartalar tarixi, hisobotlar va filtrlarni taqdim etadi; monitoring obunasiz oyiga 4 500 so‘m turadi.
  • Payme Plus xarajatlar toifasini, diagrammani ko‘rsatadi va Excel ga eksport qiladi; monitoring barcha tariflarda bor hamda oyiga 4 990 so‘mga alohida yoqish mumkin.
  • Hambi Smart ilova orqali bazaviy monitoringni taklif qiladi.
  • TBC Plus Hisob-Kitob Plus ni o‘z ichiga oladi — tranzaksiyalarning to‘liq tarixi, xarajatlar tahlili va toifasi, budjet yuritish.

Payme ma’lumotlariga ko‘ra, ilovadagi eng ko‘p uchraydigan ssenariy — bu balansni tekshirish, keyingi o‘rinda xarajatlar monitoringini ochish turadi. Foydalanuvchilar bu bo‘limga muntazam kirishadi.

Alohida «Monitoring» xizmati Payme Plus turkumidagi eng ommabop mahsulotga aylandi: obunachilarning taxminan 40 foizi aynan uni tanlaydi. O‘tkazmalar hajmi katta bo‘lmagan foydalanuvchilar uchun monitoring ulanishning asosiy sababi bo‘lishi mumkin.

Obunalar orqali nimalarni ko‘rish mumkin?

Obunalar kontent tarkibi bilan farq qiladi.

Yandex Plus

Payme Plus «Hammasi ichida» tarifi to‘laqonli Yandex Plus obunasini beradi. Nimalar kiritilgan:

  • Kinopoisk — filmlar, seriallar, Kinopoisk Originals.
  • Yandeks Muzika — reklamasiz musiqiy striming.
  • Yandeks Knigi — audio va elektron kitoblar.
  • Plyus ballari bilan keshbek — Yandeks xizmatlaridagi xaridlar uchun beriladi, taksi, ovqatlanish va xaridlarga sarflash mumkin.
  • Yandeks xizmatlarida chegirmalar — Yandeks Taksi, Yandeks Yeda, Yandeks Market, Yandeks Puteshestviya.

Yandex Plus obunasi alohida oyiga 9 999 so‘m turadi.

Hambi Smart - KINOM

Hambi Smart KINOM obunasini o‘z ichiga oladi:

  • AMEDIATEKA —HBO seriallari, yangi kino va seriallar
  • O‘zbek film va seriallari
  • TV-kanallar

Obuna qachon o‘zini oqlaydi?

Obunadan foydalanishdagi tejamkorlik foydalanuvchi undagi funksiyalarni qay darajada faol ishlatishiga bog‘liq.

Click Premium oyiga 5 mln so‘mdan ortiq o‘tkazmalar qilinganda o‘zini oqlaydi — komissiyalar bo‘yicha tejamkorlik obuna narxi bilan teng darajaga yetadi. Bundan tashqari, kartaga o‘tkazib olish mumkin bo‘lgan keshbek hamda aloqa va kommunal to‘lovlar uchun oshirilgan stavkalar foyda beradi.

TBC Plus keshbekka asoslangan: Salom Card orqali qilingan barcha xaridlardan 1% qaytariladi. Karta orqali oyiga 3–4 mln so‘mdan ortiq xarajat qilsangiz, obuna o‘zini oqlaydi. Qo‘shimcha ravishda — bepul o‘tkazmalar va ustuvor qo‘llab-quvvatlash mavjud.

Payme Plus «Hammasi ichida» agar bir vaqtning o‘zida bir nechta funksiya: bepul o‘tkazmalar, to‘lovlar va strimingdan muntazam foydalansangiz samarali. Obuna ilovani oyda bir marta ochadiganlarga emas, kundalik vazifalarini Payme orqali hal qiladiganlarga mo‘ljallangan.

Hambi Smart minimal to‘lov evaziga eng katta P2P limitini beradi, shu bois oyiga 20 mln so‘mdan ortiq pul o‘tkazmalarida foydali. Qo‘shimchasiga — KINOM va BeeMarket da chegirma.

Payme tahlili obuna foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan ikkita ssenariyni ko‘rsatadi:

  • Tez-tez pul o‘tkazasiz va bepul limit chegarasidan chiqib ketasiz — ana shunda komissiyalardan tejash obuna narxini qoplaydi.
  • Bonuslardan foydalanasiz: keshbek, striming, xarajatlar monitoringi — shunda foyda oylik to‘lovdan ko‘proq bo‘ladi.

Quyidagi hollarda obuna besamar bo‘ladi:

  • Oyiga 1–2 marta pul o‘tkazasiz va ilovadan kam foydalanasiz.
  • To‘liq paketni ulagansiz, lekin faqat bazaviy funksiyalardan foydalanasiz — striming ko‘rmaysiz, keshbekni faollashtirmagansiz.

Payme ma’lumotiga ko‘ra, foydalanuvchilar tez-tez yo‘l qo‘yadigan xato — bu karta va xizmatlarni sozlamasdan obunani yoqish hamda ilovadan faol foydalanmagani uchun to‘plangan keshbeklarni yo‘qotish.

Obuna bo‘lishdan avval nimalarga e’tibor berish kerak?

  1. Bir oyda qancha pul o‘tkazishingizni va P2P uchun qancha komissiya to‘lashingizni hisoblang. Agar summa 3–5 mln so‘mdan kam bo‘lsa, komissiyalardan tejash obuna narxidan oz bo‘lishi mumkin.
  2. Striming va qo‘shimcha xizmatlardan foydalanish bo‘yicha bir qarorga keling. Agar kontent kerak bo‘lmasa, u ortiqcha xarajat bo‘ladi xolos.
  3. Ofertani o‘rganib chiqing: limitdan oshib ketganida komissiya qanday hisoblanadi, obuna uchun pul qaytarilishi mavjudmi, arizani qancha muddatga berish mumkin.
  4. Keshbek shartlarini ko‘ring: u qayerga tushadi, yechib olish mumkinmi, qachon kuyib ketadi.
  5. Sinov davridan foydalaning: Payme 30 kun bepul, Hambi — birinchi oy uchun 1 so‘m.
  6. Oy yakuni bo‘yicha statistikani ko‘ring: komissiyalar va keshbeklardan qancha pul tejadingiz va qaysi funksiyalardan foydalandingiz. 

Mavzuga oid