Jahon | 20:08 / 30.12.2025
1722
4 daqiqa o‘qiladi

Putin qarorgohiga dron hujumini tasdiqlovchi dalillar yo‘q – ISW

Urushni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilari Ukraina dronlarining Valdaydagi Putin qarorgohiga hujumini tasdiqlovchi dalillarni topmadi.

Foto: Planet Labs PBC

Amerika Urushni o‘rganish instituti (ISW) Kreml bir kun oldin xabar bergan Vladimir Putinning Valdaydagi qarorgohiga Ukraina dronlari hujumining tasdig‘ini topmadi. Bu haqda markaz tahlilchilarining 30 dekabrga o‘tar kechasi e’lon qilingan hisobotida aytiladi.

ISW xulosasiga ko‘ra, Rossiya rasmiylarining prezident qarorgohiga hujum haqidagi xabarlari ochiq manbalar ma’lumotlari: geolokatsiya, obekt yaqinidagi portlashlar yoki tutun tasvirlari, mahalliy hokimiyat sharhlari yoki mintaqaviy ommaviy axborot vositalarining shikastlanishlar haqidagi xabarlari bilan tasdiqlanmaydi. Bundan tashqari, tahlilchilar Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligining rasmiy bayonotlarida ziddiyatlar borligini aniqladi.

ISW xulosalari mahalliy aholi tomonidan ham tasdiqlanmoqda. «Mojyem ob’yasnit» telegram-kanalining yozishicha, Novgorod viloyati aholisi dronlar parvozi haqida ogohlantiruvchi xabarlarni olmagan, Valday aholisi esa dronlarga xos ovozlar yoki dronlarning portlashini eshitmagan.

Avvalroq Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Ukrainaning 91 ta droni Putinning Novgorod viloyatidagi qarorgohiga hujum qilganini aytdi. U hujumni tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirmadi va Ukrainaga javob qaytarish, shuningdek, tinchlik muzokaralarida pozitsiyani kuchaytirish bilan tahdid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar va zarar ko‘rganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan.

Ukraina hukumati Valdayga dronlar hujumi haqidagi xabarni «Ukrainaga takror hujumlar uchun bahona va yolg‘on bahona yaratish» maqsadidagi «uydirma» deb atadi.

Kreml Putinning Valdaydagi qarorgohiga «hujum qilishga urinish»ni «muzokaralar jarayonini buzishga qaratilgan terakt» deb baholadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 30 dekabr kuni ta’kidlaganidek, Ukrainaning bunday hujumi «Tramp va uning urushni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlariga qarshi» qaratilgan. Peskov, shuningdek, dronlar hujumiga oid dalillarni keltirmadi va hujumning ishonchsizligi haqidagi xabarlarni «aqldan ozgan bayonot» deb atadi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Putinning qarorgohiga «hujum qilishga urinish nozik paytda sodir bo‘lganini» aytgandi.

«Hozir bularning hammasi uchun qulay vaqt emas. Va bunday qilish mumkin emas. Va men bu haqda prezident Putindan bilib oldim. Men juda g‘azablandim», dedi u 29 dekabr kuni.

Institute for the Study of War (ISW) – Amerikadagi mustaqil tahliliy markaz bo‘lib, harbiy strategiya, mojarolar va xalqaro xavfsizlik masalalariga ixtisoslashgan.

Markaz Ukrainadagi urush, jangovar harakatlar, front chizig‘idagi o‘zgarishlar haqidagi kundalik tahliliy ma’lumotlar va strategik xulosalar bilan keng tanilgan. ISW tahlili ochiq manbalar (OSINT) - tomonlarning rasmiy bayonotlari, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, foto va video materiallarga asoslanadi.

ISW materiallaridan muntazam ravishda dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalarida iqtibos keltiriladi va ekspertlar hamjamiyati tomonidan foydalaniladi. Shu bilan birga, markaz AQSh davlat idorasi emas, ammo uning xulosalari ko‘pincha xalqaro mojarolar bo‘yicha jamoatchilik va ekspertlar muhokamasiga ta’sir ko‘rsatadi.

Mavzuga oid