Jahon | 09:10
3818
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putinning qarorgohiga “hujum” haqidagi gaplaridan g‘azablangan

Tramp Putin telefon suhbatida Ukraina go‘yoki uning qarorgohiga dronlar bilan “hujum” qilganini aytganida “juda qattiq g‘azablanganini” bildirdi. Shu bilan birga, AQSh prezidenti bunday hujum umuman bo‘lmagan bo‘lishi ham mumkinligini istisno etmadi.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin u bilan telefon orqali suhbat chog‘ida Ukraina tomonidan Novgorod viloyatidagi uning qarorgohiga dronlar bilan hujum qilishga urinish bo‘lgani haqida gapirganida “juda qattiq g‘azablanganini” aytdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, suhbat mahalliy vaqt bilan ertalab soat 8:00 da bo‘lib o‘tgan. “Men bu haqda hozirgina eshitdim, lekin men bundan xabardor emasman. Agar shunday bo‘lgan bo‘lsa, bu juda yomon bo‘lardi”, — dedi Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan Mar-a-Lago (Mar-a-Lago)dagi uchrashuv vaqtida, 29 dekabr, dushanba kuni jurnalistlarga Rossiya hokimiyati aytayotgan “hujumga urinish”ni izohlar ekan.

Shu kontekstda AQSh prezidenti Kiyevga uzoq masofaga uchuvchi Tomahawk qanotli raketalarini berishga qarshi bo‘lganini ham eslatdi. “Tomahawk haqida unutmang. Men Tomahawk’ni to‘xtatdim. Men buni (ularni Ukrainaga berishni — tahr.) istamagandim”, — dedi Tramp.

Shu bilan birga, Tramp AQSh dronlar hujumi haqiqatda bo‘lganmi-yo‘qmi, buni “aniqlaydi”, dedi. “Siz ‘balki hujum bo‘lmagan’ deyyapsiz — bu ehtimol, mumkin. Lekin prezident Putin bugun ertalab menga hujum bo‘lganini aytdi”, — dedi Tramp jurnalist ayolning shu haqdagi savoliga javob berar ekan.

Umuman olganda, AQSh rahbari Putin bilan suhbatni “juda yaxshi” va “juda samarali” deb atadi. U, shuningdek, tinchlik yo‘li bilan hal etish masalasida “juda kam” murakkab savollar qolganini ta’kidladi. “Hozir nozik davr. Hozir buning (bunday “hujumlar” uchun — tahr.) vaqti emas. Bir narsa — hujum (frontda ilgarilash). Boshqa narsa — uning (Putinning — tahr.) uyiga hujum qilish. Hozir buning vaqti emas”, — deb qo‘shimcha qildi Tramp.

Bir necha soat oldin Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina Novgorod viloyatidagi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning davlat rezidensiyasiga 91 ta uchuvchisiz qurilma yordamida hujum qilishga uringanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “hujum” 29 dekabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Barcha 91 ta dron yo‘q qilingan. Lavrov shuningdek, shu sababdan “RFning muzokara pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi”, deb aytdi, ammo Moskva AQSh bilan muzokara jarayonidan chiqish niyatida emasligini bildirdi.

Putinning Tramp bilan suhbatiga izoh bergan Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, AQSh prezidenti Putinning davlat rezidensiyasiga dronlar bilan hujum haqidagi xabaridan “shokda” qolgan va “g‘azablangan”.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Lavrovning rezidensiyaga hujum haqidagi gaplarini yolg‘on deb atadi va bunga Rossiya Kiyevdagi hukumat kvartaliga zarba berishga hozirlanayotgani sabab bo‘layotganini aytdi. U Rossiya TIV rahbarining so‘zlarini Tramp bilan muzokaralar bilan ham bog‘ladi. “Tushunarli: ruslar uchun Amerika bilan bizda janjal bo‘lmasa — aksincha, ilgarilash bo‘lsa — bu mag‘lubiyat. Chunki ular bu urush tugashini istamaydi”, — deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti fikricha, Moskva bunday bayonotlar orqali Kiyev va Vashington o‘rtasida tinchlik muzokaralarida erishilgan ilgarilashni izdan chiqarishga urinayotgan bo‘lishi mumkin. U Trampni “Rossiya tahdidlariga munosib tarzda javob qaytarish”ga chaqirdi.

Mavzuga oid