Jahon | 16:11 / 30.12.2025
3404
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Pokrovsk yaqinida asirlar o‘ldirilgani bo‘yicha tergov boshladi

Ukraina Bosh prokuraturasi ma’lum qilishicha, Pokrovsk atrofida Rossiya harbiylari asirga tushgan ikki nafar Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchisini o‘ldirgan.

Foto: Ukraina Bosh prokuratura ofisi

Ukraina Bosh prokuraturasi Pokrovsk tumanida Rossiya harbiylari tomonidan ukrain asirlar otib tashlangani haqidagi holat bo‘yicha tergov boshladi. Bu haqda Bosh prokuror idorasida dushanba kuni, 29 dekabrda xabar qilindi.

Prokuratura yozishicha, joriy yil 27 dekabr kuni Pokrovsk tumanidagi Shaxovo qishlog‘ida pozitsiyalarga hujum vaqtida rossiyaliklar Ukraina armiyasining ikki nafar harbiy xizmatchisini asirga olgan. “Okkupantlar o‘qotar qurol bilan tahdid qilib, ulardan birini qisman yechinishga majburlagan, shundan keyin qurolsizlantirilgan har ikki himoyachini otib tashlagan. Asirlar halok bo‘lganini ko‘rgach, ular ikkinchi — allaqachon o‘ldirilgan himoyachidan ham kiyimlarini yechib olgan”, — deya da’vo qiladi Bosh prokuratura.

Idora, shuningdek, drondan olingan videoyozuvdan skrinshotlarni ham ilova qilgan — ularda bayon qilingan voqealar aks etgani aytilgan. “Harbiy asirlarni qasddan o‘ldirish Jyeneva konvensiyalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi va og‘ir xalqaro jinoyat sifatida kvalifikatsiya qilinadi”, — deb ta’kidladi Ukraina prokuraturasi.

Dastlabki tergov inson o‘limiga olib kelgan harbiy jinoyat sodir etilgani haqidagi modda bo‘yicha boshlangan (Ukraina JK 438-moddasi 2-qismi).

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid