Jahon | 13:55 / 30.12.2025
2879
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Floridada Tramp bilan muzokaralar yakunlarini e’lon qildi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Floridada AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda nimalar bo‘yicha kelishuvga erishilgani va keyingi qadamlar qanday bo‘lishini batafsil ma’lum qildi.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy dushanba kuni, 29 dekabrda, bir kun oldin Floridada AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlarini sarhisob qildi. Zelenskiyning aytishicha, muzokaralarda Vashington kuchli xavfsizlik kafolatlarini tasdiqlagan. Tomonlar urushdan keyin Ukrainani tiklash yo‘llarini ham muhokama qilgan.

“Biz oldindan ishlab chiqqan barcha tafsilotlar — xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha texnik va muzokara guruhlarimiz tayyorlagan masalalar — u (Tramp — tahr.) tomonidan tasdiqlandi va ular AQSh Kongressiga ovoz berishga kiritilishini ham tasdiqladi. Bu juda kuchli kelishuv”, — deb yozdi Zelenskiy.

Ukrainani iqtisodiy jihatdan tiklash masalasida esa choralar AQSh biznesining Ukrainani rivojlantirish va tiklash uchun maxsus shartlar asosida mamlakatga kirishi, shuningdek AQSh bilan erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvni ishlab chiqishni o‘z ichiga olishi aytilgan.

Bundan tashqari, Zelenskiy va Tramp 15 yillik xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishib olgan, ularni uzaytirish imkoni ham nazarda tutilgan. Zelenskiy yana bir bor Trampdan bu kafolatlar muddatini 50 yilgacha kengaytirishni so‘raganini bildirdi. “Biz 30, 40, 50 yil variantlarini ko‘rib chiqishni juda istaymiz — shunda bu prezident Trampning tarixiy qarori bo‘lar edi. Prezident AQSh bu haqda o‘ylab ko‘rishini aytdi”, — deb yozdi u.

Muzokaralarda prezidentlar keyingi harakatlar tartibini ham muhokama qilgan. Yaqin kunlarda AQSh va Yevropa davlatlarining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari darajasida uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan. Uchrashuv ehtimol Ukrainada bo‘lib o‘tadi.

Maslahatchilar barcha hujjatlarni tayyorlab bo‘lganidan keyin Yevropa yetakchilari avval Ukraina bilan keng tarkibda uchrashadi, shundan so‘ng Tramp va Yevropa yetakchilari bilan bo‘ladigan uchrashuvga tayyorgarlik boshlanadi. “Biz barchamiz bu uchrashuvlar yanvarda o‘tishi uchun jiddiy kayfiyatdamiz. Keyin, agar hammasi bosqichma-bosqich ketsa, ruslar bilan ham u yoki bu formatda uchrashuv bo‘ladi. Biz avval aytilgan tegishli formatlarga tayyormiz”, — deb yozdi Zelenskiy.

Zelenskiy ta’kidlashicha, Ukrainada 20 banddan iborat tinchlik rejasini tasdiqlash uchun referendum talab etiladi. Biroq referendum o‘tkazish uchun 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish (sulh) zarur. Ukraina prezidentiga ko‘ra, Rossiya bu taklifga rozi bo‘lmayapti.

“Ruslar bizga referendum o‘tkazish uchun kerak bo‘lgancha kunga o‘t ochishni to‘xtatgisi kelmayapti. Bu 60 kun. Bu juda qiyin masala, Rossiya esa urushni davom ettirish — raketalar, artilleriya va hokazolar bilan bosim o‘tkazishni xohlayapti. Shuning uchun biz bu uchun kurashyapmiz”, — deb yozdi Zelenskiy.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid