O‘zbekiston | 13:43 / 31.12.2025
1180
2 daqiqa o‘qiladi

2 mln fuqaro kasb-hunar, tadbirkorlik va xorijiy tillarga o‘qitiladi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida aholini daromadli mehnat bilan band qilish va mehnat bozori talabiga mos ko‘nikmalarni oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Loyihada 2 million nafar fuqaroni kasb-hunar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarga o‘qitish, shuningdek, vaucher tizimi orqali ishsizlar uchun o‘qish xarajatlarini qoplab berish rejalashtirilmoqda.

Strategiya loyihasiga muvofiq, fuqarolarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish va ularning zamonaviy texnika hamda texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha kasbiy ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish choralari kengaytiriladi. Xususan, 2 million nafar fuqaroni kasb-hunar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarga o‘qitish rejalashtirilgan.

Loyihada bandlikni oshirish bo‘yicha maqsad ham belgilangan: mehnatga layoqatli aholini, shu jumladan yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni barqaror hamda samarali ish bilan ta’minlash orqali ishsizlik darajasini 4 foizgacha tushirish ko‘zda tutilmoqda. Kasbiy tayyorgarlik va qayta tayyorlash dasturlari aynan shu maqsadga xizmat qilishi qayd etilgan.

O‘qitish dasturlarini keng qamrovda tashkil etish uchun vaucher tizimi ham joriy etilishi nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, vaucher asosida 700 ming nafar ishsizlar hamda rasmiy daromadga ega bo‘lmagan ish qidirayotgan fuqarolarning kasb va xorijiy tillarga o‘qitish xarajatlari qoplab berilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, vaucher tizimida nodavlat ta’lim tashkilotlarining ishtirokini kengaytirish maqsadida ularning ulushini 48 foizgacha oshirish belgilangan. Bu orqali ta’lim xizmatlari bozorida raqobat muhitini kuchaytirish va hududlarda o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutiladi.

Loyihada o‘qitish sifatiga ham urg‘u berilgan: kasbga o‘qitish markazlarida faoliyat yuritayotgan 1,6 ming nafar o‘qituvchining xalqaro standartlar asosida malakasini oshirish ham rejalashtirilgan. Bundan tashqari, kasb-hunarga o‘qitishda xususiy sektor ulushini 30 foizga yetkazish maqsadi qayd etilgan.

Ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar aholining mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish, barqaror bandlikni ta’minlash va daromadli mehnat imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid