Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya sohillari yonidan ilk bor Rossiyaning «zombi-tankeri» o‘tdi
Germaniya hukumati Boltiq dengizida Rossiya neftini tashayotgan Tavian kemasini ilk bor qayd etdi. Bu - shaxsiy identifikatsion raqami noqonuniy o‘zgartirilgan «zombi-tanker» deb ataladigan kema. Uni Rossiyaning «soya flot»i qatoriga kiritishadi.
Foto: DPA
Germaniyaning Boltiqbo‘yi sohillari yonidan Rossiyaning «zombi» neft tankeri ilk bor o‘tdi. Dengiz sohasida «zombi» deb, Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO) tomonidan berilgan yagona identifikatsion raqami noqonuniy ravishda o‘zgartirilgan eski kemalar ataladi. Bu ma’lumotni Germaniyaning davlat Kemalar xavfsizligi xizmati (Diensstelle Schiffssicherheit) DW'ga seshanba, 30 dekabr kuni tasdiqladi.
U yerda aytilishicha, shubha Boltiq dengizi orqali dekabr boshlarida Rossiya nefti yuki bilan o‘tgan, IMO raqami 1095337 bo‘lgan Tavian neft tankeriga nisbatan paydo bo‘lgan. «Biz Tavian kemasi IMO raqamidan noqonuniy foydalanmoqda, degan shubhani qo‘llab-quvvatlaymiz», — deya javob bergan xizmat DW so‘roviga.
Idora qayd etishicha, bu — Germaniya sohillari yonida «zombi-tanker» paydo bo‘lgan ilk holat. Xizmatning fikricha, Tavian — bu Tia tankeri, unga avval IMO raqami 9147447 berilgan bo‘lgan. Yirik neft tashuvchi kemalar segmentida bu «albatta, hali ham ekspluatatsiyada qolgan dunyodagi eng eski tankerlardan biri», — deb qo‘shimcha qildi xizmat.
Bu kema haqida birinchi bo‘lib Britaniyaning dengiz sohasiga ixtisoslashgan Lloyd’s List jurnali 18 noyabr kuni yozgan edi. Maqolada jahon okeanidagi bir necha «zombi-tanker»lar haqida so‘z borgan. Ekspertlardan biri «zombi» sifatida Tia tankeri (IMO 9147447)ni ko‘rsatgan, u 2024 yil avgust oyida AQSh sanksiyalariga tushgan.
«Uning hozirgi identifikatori butunlay soxtalashtirilgan IMO raqamiga asoslangan. Qalbaki raqam 1095337 IMO bazasida mavjud emas», — deyilgan maqolada. Lloyd’s List ekspertlari kemani «soya floti»ning bir qismi deb tan olgan.
Jurnal ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil may oyida kema Xitoyning Chjoushan portidan Arcusat nomi va Gayana bayrog‘i ostida yo‘lga chiqqan. U g‘arb tomon harakatlangan va ko‘p o‘tmay transponderni o‘chirib qo‘ygan. Iyul oyida u yana Ummon ko‘rfazida paydo bo‘lgan, ammo bu safar Kamerun bayrog‘i ostida va Tavian nomi bilan. 15 oktyabr kuni esa Rossiyaning Primorsk portiga kirgan.
Germaniyaning Kemalar xavfsizligi xizmati DW'ga tushuntirishicha, Tavian (ya’ni Tia) Germaniya sohillari yonidan xalqaro suvlarda o‘tgan, shuning uchun Germaniya hukumati uni to‘xtatishga huquqiy vakolatga ega bo‘lmagan.
Biroq, 10 dekabr kuni tankerga baribir Germaniya federal politsiyasi va Germaniya Favqulodda holatlarga javob davlat shtabi (Havariekommando) kemalari yaqinlashgan, deb yozgan Kieler Nachrichten shimoliy nemis gazetasi 27 dekabr kuni. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Tavian kapitani o‘sha payt radio orqali nemis vakillari bilan bog‘langan va kemaning sug‘urtasi haqida ma’lumot bergan.
Kieler Nachrichten yozishicha, tanker 27 yil oldin qurilgan va juda yomon holatda. Primorsk portida uning bortiga taxminan 100 000 tonna Rossiya nefti yuklangan. Kema 1998 yilda Janubiy Koreyadagi verfda Germaniyaning Reederei Nord dengiz tashuvchi kompaniyasi uchun qurilgan. O‘shanda tanker Nordmark deb atalgan. Shundan beri u 12 marta nomini o‘zgartirgan. Kieler Nachrichten fikricha, uning raqami Xitoyning Chjoushan shahridagi turishi paytida qalbakilashtirilgan.
Gazeta yozishicha, firibgarlikni ishonchli isbotlashning yagona yo‘li — kemadagi nemis MAN kompaniyasiga tegishli dvigatelni tekshirishdir. Uning barcha detallarida seriya raqamlari mavjud. Ammo bunday tekshiruvni faqat tanker Germaniya yoki YeIning boshqa biror portiga kirsagina o‘tkazish mumkin. Agar bu tasdiqlansa, kemani musodara qilish mumkin. Shu sababli, Tavian g‘arb portlariga kirmaslikka harakat qiladi.
VesselFinder va MarineTraffic onlayn-portallari ma’lumotlariga ko‘ra, kema so‘nggi kunlarda Egey dengizida bo‘lgan, 30 dekabr kuni esa Senegal tomon yo‘l olgan. Ochiq ma’lumotlarga tayanadigan har ikki servis kemaning nomi bo‘yicha adashadi: ularning bazalarida u ba’zan Arcusat, ba’zan Tavian deb ko‘rsatilgan.