Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Korxona–oliygoh–ilmiy tashkilot” klaster tizimi joriy etiladi
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan tarmoqlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish va ilm-fan natijalarini ishlab chiqarishga tezkor tatbiq etish maqsadida “korxona–oliygoh–ilmiy tashkilot” hamkorlik klasteri tizimini joriy etish nazarda tutilgan. Loyiha doirasida amaliy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish va oliygohlar huzurida spin-off klasterlar tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Strategiya loyihasiga ko‘ra, iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan tarmoqlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish hamda ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarish va xizmatlar bozoriga tezroq olib chiqish uchun “korxona–oliygoh–ilmiy tashkilot” hamkorlikka asoslangan klaster tizimi joriy etiladi. Mazkur yondashuv korxonalar ehtiyoji, oliy ta’lim muassasalari salohiyati va ilmiy tashkilotlar tadqiqot bazasini bir nuqtada uyg‘unlashtirib, iqtisodiyotda aniq muammolar yechimini tezlashtirishga qaratilgan.
Loyihada davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladigan amaliy tadqiqot loyihalari sonini 1 600 taga yetkazish belgilangan. Bu tadqiqotlar, avvalo, iqtisodiyotning “drayver” tarmoqlarida mahsulot va texnologiyalarni yangilashga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda. Shu maqsadda “drayver” tarmoqlarda 850 turdagi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida mavjud masalalarni hal etishga qaratilgan jami 400 ta amaliy tadqiqot loyihasini ulushli moliyalashtirish asosida tashkil qilish ko‘zda tutilmoqda. Bu mexanizm davlat mablag‘i bilan birga xususiy sektor, tarmoq korxonalari va boshqa manbalar ishtirokini oshirish orqali loyihalar samaradorligini kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Klaster tizimi doirasida olimlarning ilmiy g‘oyalari va ishlanmalarini iqtisodiyot aylanmasiga tezroq kiritish uchun oliygohlar huzurida 8 ta spin-off ishlab chiqarish klasteri tashkil etish rejalashtirilgan. Ularning faoliyati, asosan, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi, energetika, biotexnologiya, geologiya va metallarni qayta ishlash, mashinasozlik hamda elektronika kabi yo‘nalishlarni qamrab olishi belgilangan.
Mazkur choralar amaliy tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan bog‘lash, yangi texnologiya va mahsulotlarni tezroq joriy etish, hamkorlik ekotizimini shakllantirish hamda innovatsiyalar orqali tarmoqlar raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.
Mavzuga oid
10:45 / 12.05.2026
Fermerlar uchun dizel yonilg‘isi bo‘yicha subsidiya joriy etildi
09:57 / 12.05.2026
Paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarga yangi moliyaviy imtiyozlar beriladi
22:47 / 14.01.2026
Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarishning klaster tizimi joriy etiladi
15:41 / 02.01.2026