Jahon | 09:41 / 31.12.2025
1317
3 daqiqa o‘qiladi

Mers: Ukrainadagi urush - Rossiyaning Yevropaga qarshi rejasi bir qismi

Yangi yil munosabati bilan telemurojaatida Fridrix Mers Ukrainadagi urush Rossiyaning butun Yevropa qarshi qaratilgan rejasining bir qismi ekanini aytdi. “Biz xavfsiz mamlakatda yashaymiz”, - deb ishontirdi kansler Germaniya fuqarolarini.

Foto: DPA

Ukrainadagi urush Yevropa mamlakatlariga, jumladan Germaniyaga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri daxl qiladi, chunki u Rossiya Federatsiyasining butun Yevropaga qarshi qaratilgan rejasining bir qismi, dedi FRG kansleri Fridrix Mers Germaniya fuqarolariga yangi yil tabrigi sifatida yo‘llagan telemurojaatida. Uning matni chorshanba kuni, 31 dekabrda e’lon qilingan.

“Yevropada dahshatli urush avj olmoqda. Bu — to‘g‘ridan to‘g‘ri erkinligimiz va xavfsizligimizga tahdid solayotgan urush”, — dedi Mers.

“Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushini ayovsiz shafqatsizlik bilan davom ettirmoqda. To‘rtinchi yil ketma-ket ukrainlar yangi yilni eng og‘ir sharoitlarda nishonlaydi — ko‘plari elektrsiz, raketalar yog‘dulari ostida, do‘stlari va yaqinlari uchun xavotirda”, — dedi u.

“Bu bizga aloqasi yo‘q, uzoqdagi qandaydir urush emas. Chunki biz tobora ravshanroq ko‘ryapmiz: Rossiyaning bostirib kirishi butun Yevropaga qarshi qaratilgan rejaning bir qismi bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Har kuni, jumladan Germaniya ham diversiyalar, josuslik va kiberhujumlarga duch kelmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi kansler.

Mers Germaniyada energiya tashuvchilar qimmatlashishida Rossiyani to‘g‘ridan to‘g‘ri ayblamadi, ammo shunday dedi: “Xomashyoga bo‘lgan strategik qaramligimiz tobora ko‘proq manfaatlarimizga qarshi siyosiy dastak sifatida ishlatilmoqda”. Bu dastakni aynan kim ishlatayotganini kansler aniq aytmadi.

Siyosatchi, shuningdek, Germaniyada mudofaa xarajatlari oshirilishi va armiyaga chaqiruvning yangi tizimi haqida ham alohida fikr bildirdi. “Bilaman, dunyodagi noaniqlik sabab ko‘plab fuqarolar tinchlik masalasidan xavotirda. Sizlarga aytaman: biz o‘z xavfsizligimizni ta’minlayapmiz”, — dedi Fridrix Mers.

“Biz xavfsiz mamlakatda yashaymiz. Bu kelgusida ham shunday bo‘lib qolishi uchun, biz tiyib turish qobiliyatimizni oshirishimiz kerak. Biz o‘zimizni himoya qila olishni xohlaymiz — shunda bunga majbur bo‘lib qolmaymiz”, — deya xulosa qildi kansler.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid