Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil o‘nlab notijorat nodavlat tashkilotlariga G‘azoda ishlashni taqiqladi
Qora ro‘yxatga kiritilganlar orasida eng mashhur gumanitar tashkilotlar, jumladan, «Chegara bilmas shifokorlar», «Dunyo shifokorlari», Norvegiya qochqinlar ishlari bo‘yicha kengashi va boshqalar bor.
Isroil yangi yildan boshlab G‘azo sektorida «xavfsizlik va shaffoflik standartlari» talablarini bajarmagan 37 ta notijorat nodavlat tashkiloti (NNT) faoliyatini to‘xtatdi. Ular 1 martdan kechiktirmay hududni tark etishi kerak.
Qora ro‘yxatga kiritilganlar orasida eng mashhur gumanitar tashkilotlar, jumladan, «Chegara bilmas shifokorlar», «Dunyo shifokorlari», Norvegiya qochqinlar ishlari bo‘yicha kengashi va boshqalar bor.
Isroilda ma’lum qilinishicha, yangi qoidalarga ko‘ra, tashkilotlar litsenziyani uzaytirish uchun o‘z xodimlari haqidagi batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlarni taqdim etishi kerak edi. Arizalar bir qator asoslarga (Isroilning yahudiy va demokratik davlat sifatida mavjudligini rad etish, mamlakatni obro‘sizlantirish kampaniyalarini targ‘ib qilish, tashkilot yoki uning xodimlaridan birining Isroilni boykot qilishga chaqirishi va boshqalar) ko‘ra ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish huquqini olgan idoralararo guruh tomonidan ko‘rib chiqildi.
Rasmiylarning aniqlik kiritishicha, qoidalarni kuchaytirish zarurati xavfsizlik xizmatlarining ayrim nodavlat tashkilotlarning terrorchilar bilan aloqalari haqidagi ma’lumotlari bilan bog‘liq.
Isroilning Falastin anklaviga bir qator NNT kirishini yopish qarori dunyoning kamida 10 ta davlati tanqidiga uchradi. Qo‘shma bayonotda Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Daniya, Finlyandiya, Islandiya, Yaponiya, Norvegiya, Shvetsiya va Shveytsariya tashqi ishlar vazirlari G‘azoga gumanitar yordam ko‘rsatishda NNT muhim rol o‘ynashi va ularning faoliyatini cheklashga qaratilgan har qanday urinishni «qabul qilib bo‘lmasligini» bildirgan. Ular Isroilni insonparvarlik guruhlariga G‘azoda «doimiy va oldindan aytib bo‘ladigan asosda» ishlash imkoniyatini ta’minlashga chaqirdi.