Jahon | 17:43 / 01.01.2026
6476
4 daqiqa o‘qiladi

AQShdagilar Ukraina Putinning qarorgohiga hujum qilishga uringaniga ishonmayapti

Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Trampga Ukraina Putinning qarorgohiga hujum qilishga urinmaganini aytgan. Amerika razvedkasi xulosasiga ko‘ra, Ukraina dronlari 29 dekabrga o‘tar kechasi Putinning qarorgohi joylashgan Novgorod oblastidagi harbiy obektga hujum qilishga uringan, lekin bu obekt prezident qarorgohiga yaqin joyda emas.

Foto: RF mudofaa vazirligi

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) Ukraina qurolli kuchlari Vladimir Putinning Valdaydagi qarorgohiga dronlar yordamida hujum qilishga urinmagan, deb hisoblaydi. Bu haqda The Wall Street Journal manbalarga tayanib xabar berdi.

AQSh razvedkasidagilar fikricha, Ukraina qurolli kuchlari Novgorod oblastida, ammo Putin qarorgohidan uzoqda joylashgan harbiy obektga hujum qilishga uringan.

WSJ Amerika razvedkasi Rossiya havo hududini, shuningdek, uning hududi bo‘ylab hujumlarni sun’iy yo‘ldoshlar va radarlar yordamida kuzatishi mumkinligini ta’kidlagan.

MRB direktori Jon Retkliff razvedka xulosalari haqida AQSh prezidenti Donald Trampga ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay, Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida New York Post gazetasining tahririy maqolasiga havola e’lon qildi, unda Ukraina katta ehtimol bilan Putinning qarorgohiga zarba bermagani aytilgan. Tramp havolani «Putinning «hujum» haqidagi balandparvoz bayonotlari aynan Rossiya tinchlikka to‘sqinlik qilayotganini ko‘rsatmoqda» sarlavhasi bilan keltirgan.

MRB bu haqda rasmiy izoh bermadi.

Moskvan tomoni Ukrainaning 91 ta droni Putinning Valdaydagi qarorgohiga hujum qilishga uringani haqida xabar tarqatgan. Bu haqda Rossiya prezidenti Donald Trampga 29 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida ma’lum qilgan. Shundan so‘ng Tramp jurnalistlarga «juda g‘azablangani», hozir esa «hujumning mavridi emasligi»ni aytgan edi.

Ukraina Putinning qarorgohiga hujum qilishga uringanini rad etdi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Ukraina Qurolli kuchlari «faqat Rossiya hududidagi qonuniy harbiy obektlarga Rossiyaning Ukrainaga bergan zarbalariga javoban» zarba berayotganini ma’lum qildi.

WSJ nashri materialidan so‘ng, Rossiya mudofaa vazirligi urib tushirilgan dronlardan birining parvoz topshirig‘ini o‘qiganini ma’lum qildi. «Ma’lumotlar rasshifrovkasini tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, 2025 yil 29 dekabrda Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlari hujumining yakuniy maqsadi – Rossiya prezidentining Novgorod oblastidagi qarorgohi obektlaridan biri bo‘lgan» deyiladi RF mudofaa vazirligi xabarida.

Rossiya mudofaa vazirligi 1 yanvar kuni AQSh elchixonasiga Ukraina 29 dekabrga o‘tar kechasi Putinning Valdaydagi qarorgohiga dronlar bilan hujum qilganiga isbot sifatida Ukraina droni kontrollerini namoyishkorona topshirdi.

Rossiya harbiy idorasi payshanba kuni tarqatgan videoda harbiy razvedka boshlig‘i – admiral Igor Kostyukov AQShning Moskvadagi elchixonasi huzuridagi harbiy attashe apparati vakiliga paketdagi qandaydir buyumni berayotgani ko‘rsatilgan.

Ushbu kadr olingan videoning boshida Igor Kostyukov (suratda chapda) o‘zini mehmoni bilan birinchi marta uchrashayotgandek tanishtirgan. Bosh shtabga aynan kim kelganiga Mudofaa vazirligi aniqlik kiritmagan.
Foto: Russian Defence Ministry Press Service via EPA

«Biz sizga kontrollerni va ushbu kontrollerning mutaxassislarimiz tomonidan ishlab chiqilgan tavsifini bermoqchimiz. O‘ylaymizki, bu qadam barcha savollarni olib tashlashga imkon beradi va haqiqatni aniqlashga ko‘maklashadi», deydi videoda Rossiya Bosh shtabi bosh boshqarmasi boshlig‘i.

Rossiya mudofaa vazirligi ta’kidlashicha, bu Ukraina droni kontrolleri
Foto: RussianDefence Ministry Press Service via EPA

«Rossiya Federatsiyasi maxsus xizmatlari mutaxassislari tomonidan ushbu uchuvchisiz uchish apparatlari navigatsiya kontrollerlari xotirasining mazmunini rasshifrovka qilish hujum maqsadi Novgorod oblastidagi Rossiya Federatsiyasi prezidenti qarorgohi binolari majmuasi ekanini aniq tasdiqladi» deydi admiral Kostyukov.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid