Jahon | 15:11
1364
2 daqiqa o‘qiladi

AFP: Rossiyaning Ukraina hududlariga havo hujumlari soni kamaygan

2025 yil dekabr oyida RF armiyasi Ukraina hududlariga o‘tgan oyga nisbatan kamroq hujum qilgan. Shu davrda Ukraina tomonidan yo‘q qilingan Rossiya dronlari va raketalari soni ham kamroq bo‘lganini AFP agentligi hisoblab chiqqan.

Foto: Stringer/REUTERS

2025 yil dekabr oyida Rossiyaning Ukraina hududlariga dron va raketalardan foydalangan holda qilgan hujumlari soni biroz qisqargan. Fransiyaning AFP agentligi 1 yanvar, payshanba kuni, Ukraina Havo kuchlari ma’lumotlarini tahlil qilib, shunday xulosalarni e’lon qildi.

AFP hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyida Rossiya tungi hujumlar chog‘ida Ukrainaga kamida 5134 ta dron uchirgan. Bu o‘tgan oyga nisbatan 6 foizga kam. Shu davrda RF QKning Ukrainaga raketalar qo‘llangan tungi hujumlari soni ham 18 foizga kamaygan.

Shu statistikaga ko‘ra, dekabr oyida Ukraina umumiy raketa va dronlar soniga nisbatan noyabrga qaraganda kamroq ulushni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan: 80 foizga (dekabr) qarshi 82 foiz (noyabr).

Ukraina Havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvar kechasida Rossiya Ukrainaga 205 ta dron bilan hujum qilgan, shulardan 130 tasi — Shahed turidagi uchish apparatlari bo‘lgan. Uchirishlar RF hududidagi Oryol, Bryansk, Kursk, Primorsko-Axtarsk, Millerovo yo‘nalishlaridan, shuningdek qo‘shib olingan Qrimdagi Chauda burunidan va “Gvardeyskoye” aviabazasidan hamda Donetskdan amalga oshirilgan.

1 yanvar kuni soat 8:30 holatiga ko‘ra, Ukraina havo mudofaasi kuchlari mamlakatning shimoli, janubi va sharqida 176 ta Rossiya dronini urib tushirish yoki radioelektron tarzda bosib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Shu bilan birga, 24 ta hujumkor dron 15 ta nuqtada o‘z nishonlariga yetib borgani qayd etilgan.

Mavzuga oid