Jamiyat | 18:07
2993
3 daqiqa o‘qiladi

“Ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi” – qishda ham ishkomda saqlanayotgan uzumlar

Oltiariqning Jo‘rak qishlog‘i aholisi qishda ham uzumni uzmasdan, ishkomning o‘zida saqlaydi. Buning uchun tok atrofi sellofan va makkajo‘xori poyasi bilan o‘rab chiqiladi. Havo harorati sovib ketganda pechka yoqiladi. Ichkarida havo aylanishi uchun tuynuklar ochiladi. Biz tasvirga olgan xonadonda uzumlar haliyam xuddi kuzdagidek ko‘zni quvontirib turibdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bog‘bon Mahbubaxon Muxtorovaning aytishicha, bu yil kuz sovuq kelib, ko‘plab bog‘bonlarning uzumini sovuq urib ketgan.

“Uzumlarni tokning o‘zida saqlab, atrofini o‘rab qo‘yganingiz bilan meva o‘zi-o‘zidan chiroyli bo‘lib turmaydi. Harakatni sentabr oyidan boshlaymiz. Kuyib-pishib mehnat qilsangizgina niyatingizga erishasiz, mehnatga yarasha qo‘lingiz pul ko‘radi. Uzumni ayniqsa yomg‘irdan himoya qilish kerak. Yomg‘ir ko‘p yog‘sa, tom suvga to‘ladi. Issiqxona buzilmasligi uchun ichkariga maxsus to‘sinlar o‘rnatib chiqamiz. Plyonka suvga to‘lsa ichkaridan suvini teshib tushiramiz.

Kunlar biroz ilisa, maxsus tuynuklarni ochib, ichkariga havo beramiz. Havo bermasangiz, uzumlar qorayib ketadi. Qoraygan uzumlar esa mazasini yo‘qotadi. Meva atrofidagi barglarni ham olib chiqqanmiz. Sababi bargda nam qolsa, undan uzumga suv tomadi, keyin meva chiriydi.

Kechasi pechkaga o‘tin, ko‘mir solib ichkarini isitamiz. Ortiqcha isitib yuborsangiz ham uzum yumshab, sifati buziladi. Iloji boricha uzumlarni sovuq oldirmaslikka harakat qilamiz. Kuzning boshida havo sovuq keldi. Ko‘pchilikning hosilini sovuq urib ketdi. Shu sovuqlarda, shamol kuchli esgan kunlari ham atrofni o‘rab, ehtiyot qildik”, deydi bog‘bon opa.

Mahbubaxon Muxtorova

Ayni paytda ishkomda saqlanayotgan 1 kg uzum 25 ming so‘mdan sotilayotgan ekan.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz

Mavzuga oid