Jahon | 15:51 / 02.01.2026
1734
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya YeXHTda bir yillik raislikni boshladi

Shveytsariya Yevropada muloqot, ishonch va xavfsizlikni kuchaytirishga ko‘maklashish uchun diplomatiyadagi vositachilik tajribasidan foydalanmoqchi. 2014 yilda Shveytsariya YeXHTning Ukrainadagi maxsus monitoring missiyasini tuzish tashabbusini ilgari surgan edi.

Foto: Reuters

Shveytsariya Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)da bir yil davom etadigan raislikni boshladi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati 1 yanvar, payshanba kuni xabar berdi.

“Biz (diplomatik muzokaralardagi) vositachilik tajribamizdan muloqotni qo‘llab-quvvatlash, ishonchni mustahkamlash va xavfsizlikni kuchaytirish uchun foydalanamiz”, — deb aytgan edi kuzda Shveytsariya tashqi ishlar vaziri Ignatsio Kassis. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeXHTda raislik davrida Shveytsariya ko‘p tomonlama va inklyuziv diplomatiyani kuchaytirish, demokratik institutlarni ilgari surish hamda inson huquqlari ustuvorligini qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda.

Shveytsariya YeXHTga 1996 va 2014 yillarda raislik qilganidan keyin uchinchi marta ushbu vazifani o‘z zimmasiga oladi. Mamlakat o‘zining neytral maqomi va tinchlik muzokaralarida vositachilik an’analari tufayli xalqaro diplomatiyada faol rol o‘ynaydi.

Shveytsariya avvalgi raisligi davrida, 2014 yilda, Ukrainadagi Donetsk va Luxansk viloyatlaridagi janglarni kuzatish uchun YeXHTning Maxsus monitoring missiyasini tuzish tashabbusini ilgari surgan.

YeXHT kuzatuvchilari o‘t ochishni to‘xtatish rejimi va Rossiya hamda Ukraina o‘rtasidagi Minsk kelishuvlarining buzilish holatlarini qayd etgan. Keng ko‘lamli hujum boshlangach, YeXHTning kuzatuv missiyasi ishini to‘xtatishga va mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan. Keyinroq esa missiya mandati rasman yakunlangan — YeXHTga a’zo davlatlar orasida konsensus bo‘lmagani sababli.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid