Jahon | 13:37 / 02.01.2026
2165
3 daqiqa o‘qiladi

So‘rov: Rossiyada qolgan nemis kompaniyalari bozordan ketishni rejalashtirmayapti

Rossiya bozorida ishlashda davom etayotgan nemis kompaniyalarining faqat 4 foizi undan ketishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Germaniya-Rossiya tashqi savdo palatasi” lobbistik tashkiloti ma’lum qildi. U Rossiyadagi GFR biznes vakillari orasida so‘rov o‘tkazgan.

Foto: AP

Rossiya bozorida faoliyat yuritayotgan nemis kompaniyalarining bor-yo‘g‘i 4 foizi kelajakda undan chiqib ketishni rejalashtirmoqda. Bu haqda dpa agentligiga Moskvada joylashgan va Rossiyada nemis biznesining manfaatlarini lobbi qiladigan “Germaniya-Rossiya tashqi savdo palatasi” lobbistik tashkiloti boshqaruv raisi Mattias Shepp ma’lum qildi. Dpa uning 1 yanvar, payshanba kuni aytgan so‘zlarini keltirdi: “To‘rt yillik qon to‘kilish va sanksiyalardan keyin ham hali shu yerda — Rossiyada qolganlar bardosh berishni istaydi”.

Tashkilot Rossiyadagi taxminan 260 nafar nemis tadbirkori orasida so‘rov o‘tkazgan. Ularning yarmidan ko‘pining rahbarlari G‘arb sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotiga kuchli yoki juda kuchli zarar yetkazayotganini aytgan. Respondentlarning yarmidan ko‘pi 2026 yilda Rossiyada iqtisodiy vaziyat salbiy tomonga rivojlanishini kutmoqda. Ular, agar Ukrainadagi urush yakunlanmasa, sanksiyalar yanada qat’iylashishidan xavotirda.

“Biroq Rossiyada ishlayotgan nemis kompaniyalarining 49 foizi sanksiyalar Rossiyaga qaraganda Germaniyaga ko‘proq zarar yetkazyapti, deb hisoblaydi”, — dedi Shepp. Uning fikricha, nemis va yevropalik siyosatchilar Rossiya iqtisodiyotining “barqarorligi”ni kam baholayapti, bu esa “noto‘g‘ri hisob-kitoblar”ga olib kelmoqda.

Palata GFR biznesining Rossiyadagi aktivlarini 100 mlrd yevrodan ortiq deb baholaydi. “Nemis aktivlari hatto oshib bormoqda, chunki Rossiya qonunlari mamlakatdan katta hajmda foydani olib chiqib ketishga yo‘l qo‘ymaydi”, — dedi Shepp. U bu aktivlarni himoya qilish va RFning ularni milliylashtirishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, deb hisoblaydi.

Oktyabr oyida Shepp Yevropa hududida muzlatilgan RF aktivlari Ukrainaga berilsa, nemis firmalari 100 mlrd yevrodan ortiq mablag‘ni yo‘qotishi mumkinligini aytgan edi. Uning prognoziga ko‘ra, bunday holda Moskva javob tariqasida Yevropa, xususan nemis aktivlarini Rossiyada milliylashtiradi. “Bu mablag‘lar Kreml xazinasiga tushib qolishi Germaniya va uning soliq to‘lovchilari manfaatiga mos emas”, — degan u.

Yevropa Ittifoqining 19 dekabrdagi sammitida Ukrainaga “reparatsiya krediti”ni muzlatilgan Rossiya aktivlari hisobidan emas, balki YeIning umumiy qarz olishi orqali moliyalashtirish evaziga berishga qaror qilingan. Ukraina bu kreditni faqat Moskva Kiyevga urush keltirgan zarar uchun tovon to‘lagandan keyin qaytarishi kerak bo‘ladi.

“Germaniya-Rossiya tashqi savdo palatasi”da taxminan 750 ta a’zo bor — bu RFdagi eng yirik xorijiy iqtisodiy uyushmalardan biri hisoblanadi. Palata bahosiga ko‘ra, Rossiyada jami taxminan 2000 ta nemis firmasi ishini davom ettirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid