Jahon | 08:58 / 02.01.2026
2513
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyada Asadlar portretisiz yangi banknotlar muomalaga kiritildi

Suriyada 1 yanvardan Suriya funtining yangi banknotlari muomalaga kiritila boshladi. Hokimiyat kupyuralardan ikki nolni olib tashladi va sobiq prezident Bashar Asad hamda uning otasi portretlarini atirgul, zaytun va boshqa ramziy tasvirlar bilan almashtirdi.

Foto: AP

Suriya hokimiyati 1 yanvar, payshanba kunidan Suriya funti (Suriya lirasi deb ham ataladi) yangi banknotlarini muomalaga kiritdi: ularda 2000 yildan beri mamlakat prezidenti lavozimini egallab kelgan, ammo 2024 yil dekabrida isyonchilar tomonidan ag‘darilgan Bashar Asadning portreti yo‘q. Shuningdek, Bashar Asadning otasi — 1971–2000 yillarda mamlakatni boshqargan Hofiz Asad portreti tushirilgan kupyuralarning yanada eskiroq nusxalari ham almashtiriladi.

10 dan 500 funtgacha nominaldagi yangi banknotlar 29 dekabr kuni amaldagi prezident Ahmad ash-Shar’a tomonidan taqdim etildi. Ularda atirgullar, bug‘doy, zaytun, apelsin va mamlakatning geografik hamda iqtisodiy xilma-xilligini ta’kidlovchi boshqa ramzlar tasvirlangan. Yangilangan banknotlardan, shuningdek, ikki nol olib tashlangan — yangi funt avvalgi 100 funtga tenglashtirilgan.

Denominatsiya orqali hokimiyat milliy valutaga bo‘lgan ishonchni tiklashni ko‘zlamoqda: 2011 yilda fuqarolik urushi boshlanganidan buyon uning kursi bir AQSh dollari uchun 50 funt atrofidan taxminan 11 ming funtgacha qulagan. Shu sababli suriyaliklar hatto oziq-ovqat xarid qilish uchun ham o‘zlari bilan juda katta pul olib yurishga majbur edi.

Suriya Markaziy banki rahbari Abdulqodir al-Xasriya yangi valuta aynan qayerda bosilishiga aniqlik kiritmadi. 2012 yildan beri Suriya funtini Rossiyaning “Goznak” korxonasi chiqarib kelgan. Joriy yil may oyida esa OAV yangi hukumat milliy valutani Rossiyada bosishdan voz kechib, o‘rniga Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) yoki Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi ekanini yozgan edi.

Shunga qaramay, avgust oyi oxirida Reuters agentligi denominatsiya qilingan yangi Suriya funti kupyuralari Rossiyada chiqarilishini xabar qildi. Mos kelishuv Suriya delegatsiyasi Moskvaga iyul oyi oxirida tashrif buyurganida “Goznak” bilan tuzilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid