Jahon | 10:56
1964
3 daqiqa o‘qiladi

Xerson oblastining Rossiya tayinlagan «gubernatori» Ukrainani mehmonxonaga zarba berishda aybladi

Rossiya tomoniga ko‘ra, hujum oqibatida 30 ga yaqin kishi halok bo‘lgan. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi esa Xerson oblastidagi mehmonxonaga hujum qilinganini rad etdi.

Foto: Vladimir Saldoning telegram-kanali

Anneksiya qilingan Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan «rahbari» Vladimir Saldo Ukraina qurolli kuchlari 1 yanvarga o‘tar kechasi Qora dengiz sohili bo‘yidagi Xorli qishlog‘ida joylashgan mehmonxona va kafega uchta dron bilan hujum qilgani haqida xabar berdi. Bu vaqtda binoda yangi yilni nishonlash uchun yig‘ilgan 100 ga yaqin kishi bo‘lgan. Saldoning so‘zlariga ko‘ra, zarba «kurant bong urishi arafasida» berilgan.

Dronlardan birida yonuvchi aralashma bo‘lgan, zarba natijasida yong‘in kelib chiqqan, dedi Saldo.

Anneksiya qilingan region «ma’muriyati»ning dastlabki ma’lumotida zarba oqibatida 24 kishi halok bo‘lib, 29 kishi yaralangani aytilgandi. «Kuchli yong‘in tufayli ko‘plab odamlarni qutqarishning imkoni bo‘lmadi. Yong‘in faqat tongga kelib o‘chirildi», – degan Saldo.

Hududda 2 va 3 yanvar kunlari motam kuni deb e’lon qilingan.

Keyinroq RF tergov qo‘mitasi qurbonlar soni 27 nafarni tashkil etayotganini ma’lum qildi. Yana 31 kishi turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan, shundan besh nafari bolalar. Terakt moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi esa Rossiya tomoni ayblovini rad etib chiqdi. Bosh shtab spikeri Dmitro Lixoviy ukrain harbiylari «faqat dushmanning harbiy nishonlari va bo‘ylab» berilishini ma’lum qildi.

Lixoviy, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi ilgari xalqaro hamjamiyatga va tinchlik muzokaralarining borishiga ta’sir o‘tkazish maqsadida bir necha bor dezinformatsiyaga murojaat qilganini aytdi. «Ukraina mudofaa kuchlari Xalqaro gumanitar huquq normalariga amal qiladi, faqat dushmanning harbiy nishonlariga, Rossiya Federatsiyasining yoqilg‘i-energetika majmuasi obektlariga va boshqa qonuniy nishonlarga zarba beradi», – degan u.

Lixoviy Rossiya Federatsiyasi ilgari xalqaro hamjamiyatga va tinchlik muzokaralarining borishiga ta’sir o‘tkazish maqsadida bir necha bor dezinformatsiyaga qo‘l urganini eslatgan.

Mavzuga oid