Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyada Suriyaga deportatsiya g‘oyasi bahsga sabab bo‘ldi
GSDP siyosatchilari har bir alohida holatni o‘rganmasdan turib majburiy deportatsiya qilish qonun ustuvorligi tamoyiliga mos kelmasligini ta’kidladi.
Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) koalitsiyadagi hamkori — Xristian-sotsial ittifoq (XSI)ning Germaniyadan Suriyadan kelgan qochqinlarning ko‘pchiligini deportatsiya qilish haqidagi talabiga qarshi chiqdi. GSDPdan Bundestag deputati Ralf Shtegner eslatishicha, Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Damashqqa tashrifi chog‘ida “to‘liq vayron bo‘lgan hududlarga qaytishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi”ni aytgan. “Bu, albatta, majburiy bo‘lmasligi kerak”, — dedi Shtegner 2 yanvar, juma kuni Tagesspiegel gazetasiga.
“Koalitsiya ichida jinoyatchilarni izchil deportatsiya qilish va migratsiya siyosatidagi o‘zgarishlar bo‘yicha murosalardan tashqari, insoniylikning asosiy me’yorlariga rioya qilinishi shart”, — dedi Shtegner.
Bundestagdagi sotsial-demokratlar fraksiyasi raisi o‘rinbosari Sonya Ayxvede ham XSI tashabbusini rad etdi. “Ko‘plab suriyaliklar jamiyatga yaxshi integratsiyalashgan”, — dedi u. Ayxvede ta’kidlashicha, koalitsiya kelishuvida jinoyatchilar va jamoat xavfsizligiga tahdid deb hisoblanadigan shaxslar, aslida, Suriyaga qaytarilishi kerakligi aniq belgilab qo‘yilgan. Uning fikricha, deportatsiya masalasi har bir holat bo‘yicha, joylardagi vaziyatni hisobga olgan holda ko‘rib chiqilishi kerak. “Umumiy, hammaga bir xil qarorlar qonun ustuvorligi tamoyiliga mos kelmaydi”, — dedi u.
Avvalroq Münchner Merkur gazetasi, shuningdek dpa va AFP agentliklari Bavariyadagi Zeon (Seeon) monastirida XSI yopiq yig‘ilishiga tayyorlangan pozitsion hujjatni o‘rganib chiqqan. XSI deputatlar guruhi Germaniya migratsiya siyosatini yanada qat’iylashtirish va suriyalik qochqinlarning ko‘pchiligini kelib chiqqan mamlakatiga tezroq qaytarishni talab qilmoqda.
Hujjatda qayd etilishicha, Suriyada fuqarolik urushi tugaganidan keyin Germaniyada vaqtincha yashash huquqiga ega suriyaliklarning aksar qismi uchun himoya berishga asos yo‘qoladi. “Ixtiyoriy ravishda ketmaydiganlar bo‘yicha imkoni boricha tezroq deportatsiya jarayonini boshlash zarur”, — deb ta’kidlanadi hujjatda.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yilda muntazam aviareyslar jalb qilingan holda, jumladan Suriya va Afg‘onistonga ham “keng ko‘lamli deportatsiya amaliyoti” o‘tkazilishi kerak. Shuningdek, Germaniya bo‘ylab “chiqib ketish markazlari” tashkil etilishi, Myunxen aeroportida esa deportatsiyalar uchun alohida terminal ochilishi lozimligi aytilgan.
Mavzuga oid
10:25 / 12.06.2026
AQShdan deportatsiya qilingan 24 nafar o‘zbekistonlik Toshkentga qaytarildi
10:00 / 10.06.2026
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
18:06 / 08.06.2026