Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shamolga aylangan odam - orzular zerikarli kabinetlarda o‘lib ketmasligi kerak
“Agar biror-bir narsani chin dildan orzu qilsang, butun olam uning amalga oshishiga ko‘maklashadi”. Ushbu ibora shunchalik mashhurki, ko‘plab insonlarning hayotda jiddiy qarorlar qabul qilishiga sabab bo‘lgan. Bu hikmat zamonaviy dunyoning eng taniqli adiblaridan biri Paulo Koeloga tegishli. “5 daqiqa”ning navbatdagi sonida “Alkimyogar” romani haqida gaplashamiz.
“Alkimyogar” butun dunyoda millionlab insonlar qalbini zabt etgan, orzular, ishonch va ma’naviy rivojlanish haqidagi asar hisoblanadi. Shu o‘rinda “Alkimyogar”ni o‘zbek kitobxonlariga taqdim etgan Ozod Sharafiddinov, Aziz Said, Ahmad Otaboyev kabi katta ijodkorlarimizdan minnatdor bo‘lishimiz kerak.
Bu asarni o‘qigan har bir inson o‘z hayotida qanday safarga chiqishi va qanday ichki qudratga ega ekanini qayta ko‘rib chiqadi.
Asar voqealari Santyago ismli cho‘pon yigit atrofida sodir bo‘ladi. Uning hayoti juda sokin o‘tardi, qo‘y boqardi. Ammo hayot faqat qo‘y boqishdan iboratmi, degan savol ham ichida g‘imirlab qo‘yardi. Bir kuni uni tush ko‘radi va unga katta bir xazina yashirilgan joy ishora qilinadi. Bu tush Santyagoga safarga chiqish uchun ichki chaqiriq edi.
Yo‘lda Santyago turli insonlar bilan uchrashadi. Lo‘li kampir uning birinchi ustozi sifatida xizmat qiladi, tushni ta’bir qiladi va unga hayotiy yo‘l ko‘rsatadi. Keyin u Salim shahri podshohi Maliksiddiq bilan uchrashadi. Maliksiddiq yigitga hayotdagi asosiy maqsad - shaxsiy afsona haqida tushuncha beradi va uning orzusini amalga oshirish uchun harakat qilish zarurligini uqtiradi.
Og‘ir sinovlar sizni kutib turibdi
Santyago Afrikaga qadam qo‘yadi va yo‘lda ko‘plab qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazadi. U billur idishlar do‘konida ishlaydi, bu esa unga sabr va mehnatni o‘rgatadi, hayotning oddiy qiymatini his qiladi. Keyin u ingliz alkimyogar bilan uchrashadi va shamolga aylanish sinovini ko‘radi. Bu sinov faqat qudrat haqida emas, balki ruhiy uyg‘unlik va qalb ovozini tinglash haqida. Alkimyogar Santyagoga hayotdagi belgilarni ko‘rish, qo‘rquvni yengish va orzusiga sodiq qolish muhimligini o‘rgatadi.
Shu o‘rinda bir qiziq jihat. Muhabbat insonga doim ham azob beravermaydi, doim ham u qo‘rqinchli emas. Haqiqiy muhabbat sizga kuch-qudrat berib, hayot mazmunini topishingizga ham xizmat qilishi mumkin. Asarda ham shunday. Santyagoning muhabbati uning safarini boyitadi. Fotima xonim yigitni maqsadidan to‘xtatmaydi, aksincha, qo‘llab-quvvatlaydi va orzu yo‘lidan adashtirmaydi. Muhabbat va orzu bir-biriga zid emas, balki bir-biriga kuch beradi.
Siz ham alkimyogar bo‘la olasiz
Asarni o‘qish davomida anglaysizki, haqiqiy boylik - nafaqat moddiy xazina, balki tajriba, bilim va ichki rivojlanishdir. Safar va sinovlar orqali inson qo‘rquvini yengib, qalb ovozini tinglab, o‘z orzusiga sodiq qolsa, u haqiqiy boylikka ega bo‘ladi.
Aytish mumkinki, asarda haqiqiy xazina - tashqi qudrat yoki oltinda emas, balki insonning ichki olamida, tajriba va bilimda. Safarning o‘zi dars, qiyinchiliklar va sinovlar - orzuga yetib borish yo‘lidagi qadamlardir.
Santyago o‘sha xazinani butunlay siz kutmagan joydan topadi.
Bu kitob ichingizni g‘imirlatib qo‘yadi. Masalan, yoshligingizda hamma narsani orzu qilishdan qo‘rqmaysiz. Dunyoni o‘zgartirar darajada ichki qudratingiz bo‘ladi, zamonaviy til bilan aytganda, superqahramon bo‘lishingizga ishonasiz. Lekin yillar o‘tadi, siz bo‘lmag‘ur kabinetda, zerikarli odamlarning buyrug‘iga ko‘nib, qog‘oz titkilab o‘tirgan bo‘lasiz. Vaholanki, “bu dunyo bir ko‘lmak hovuzchadan iborat emas”.
Xulosa
Boshingizni og‘ritadigan ikkita savol bilan fikrimni yakunlamoqchiman: Yaxshilab o‘ylang, orzularingizga qay darajada sodiqsiz? Qo‘rquvingizni yengib, qalb ovozingizni tinglab, o‘zingizni topish uchun safarga tayyormisiz? Unda “Alkimyogar”ni to‘liq o‘qib chiqing!
Isomiddin Po‘latov
Mavzuga oid
12:21 / 27.12.2025
Ochlikda kurashib, mashhurlikda mag‘lub bo‘lgan inson qissasi
11:54 / 20.12.2025
Jajman – hammamizning hisobimizga kun ko‘radigan yengilmas maxluq haqida eshitganmisiz?
19:35 / 13.12.2025
Mafiya olamining chiqish eshigi yo‘q yoxud hokimiyatning narxini bilasizmi?
19:10 / 29.11.2025