O‘zbekiston | 13:15 / 03.01.2026
2887
2 daqiqa o‘qiladi

Tuyamo‘yin suv ombori hajmi 1 mlrd kub metrga kengaytiriladi

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, melioratsiya ishlarini kengaytirish hamda davlat-xususiy sheriklik (DXSh) mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qator maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan.

Loyihada qishloq xo‘jaligida suv ta’minoti barqarorligini oshirish va suv yo‘qotishlarini kamaytirish asosiy vazifalardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Buning uchun magistral va xo‘jaliklararo kanallarni bosqichma-bosqich beton qoplamaga o‘tkazish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, yer osti suv sathi yuqori bo‘lgan hududlarni qisqartirish hamda soha boshqaruviga xususiy sektorni kengroq jalb qilish rejalashtirilgan.

Loyihada keltirilgan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar:

  • uzunligi 18,7 ming km bo‘lgan (shundan 66 foizi tuproq o‘zanli) magistral va xo‘jaliklararo kanallarning beton qoplamali ulushini 13,1 ming kmga yoki 46 foizga yetkazish;
  • melioratsiya obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish natijasida sug‘oriladigan yer maydonlarida sho‘rlangan maydonlarni 1,7 mln gektargacha kamaytirish;
  • yerosti suv sathi muammoli holatda bo‘lgan yer maydonlarini 773,4 ming gektargacha kamaytirish.

Shuningdek, loyihada irrigatsiya tizimi va suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, boshqaruvga xususiy sektorni jalb etish va DXSh mexanizmlarini keng qo‘llash ham alohida yo‘nalish sifatida qayd etilgan. Jumladan:

suv xo‘jaligida obektlarni davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berishni 2 012 taga yetkazish;
Tuyamo‘yin suv ombori hajmini qo‘shimcha 1 mlrd kub metrga kengaytirish orqali 1,2 mln gektar maydonda suv ta’minotini yaxshilash, shu bilan birga ichimlik suv zaxirasini yaratish.

Loyihaga ko‘ra, ushbu choralar suv yo‘qotishlarini qisqartirish, meliorativ holatni yaxshilash, qishloq xo‘jaligida barqaror hosildorlikni ta’minlash va suv ta’minoti infratuzilmasini tizimli modernizatsiya qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid