Jamiyat | 09:42 / 04.01.2026
9861
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Lacetti piyodani urib ketdi

Yashnobod tumanida Lacetti yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan ayolni urib yuborgan. Piyoda voqea joyida halok bo‘lgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahri Yashnobod tumanida piyoda o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda poytaxt YHXB 3 yanvar kuni, mazkur holat haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng xabar berdi.

Voqea 31 dekabr kuni soat 21:00 atrofida Mahtumquli ko‘chasida sodir bo‘lgan.

Tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda 34 yoshli ayol halok bo‘lgan joy atrofidagi kameralar ishlamagani va shu sababli guvohlar qidirilayotgani aytilgan.

YHXBning ma’lum qilishicha, 24 yoshli J.R. Lacetti avtomashinasini boshqarib ketayotib, yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan piyoda, 1991 yilda tug‘ilgan Y.N.ni urib yuborgan.

YTH oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Ushbu moddaga ko‘ra, bunday qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, aybdor shaxs muayyan huquqdan mahrum qilinib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid