Jahon | 14:44 / 05.01.2026
1607
2 daqiqa o‘qiladi

Gretsiya aloqa tizimi nosozligidan keyin aviaqatnovlarni qayta tikladi

Mamlakat aeroportlari cheklangan rejimda ishini qayta tikladi. 4 yanvar tongida Gretsiyada dispetcherlar bilan mamlakat havo hududidagi samolyotlar o‘rtasidagi aloqa tizimi ishdan chiqqan.

Foto: Sakis Mitrolidis/AFP/Getty Images

Gretsiya aeroportlari samolyotlar bilan aloqa tizimi kutilmaganda o‘chib qolganidan keyin reyslarni jo‘natish va qabul qilishni bosqichma-bosqich qayta tiklamoqda. Bu haqda yakshanba, 4 yanvar kuni Reuters agentligi mamlakat fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasiga tayanib xabar berdi.

4 yanvar tongida Afina va Makedoniya havo harakatini boshqarish markazlarining aloqa tizimlari ishdan chiqqan. Aynan shu markazlar bilan Gretsiya havo hududiga kirib keladigan barcha samolyotlar aloqa o‘rnatishi kerak. Nosozlik fonida mamlakat hokimiyati grek aeroportlaridan barcha parvozlarni vaqtincha to‘xtatgan. Gretsiyaga yo‘l olgan ayrim samolyotlar esa boshqa mamlakatlarga yo‘naltirilgan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Gretsiya havo hududi mahalliy vaqt bilan soat 16:00 gacha yopiq bo‘lgan. Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi ta’kidlashicha, aeroportlar ishini faqat cheklangan rejimda qayta yo‘lga qo‘yishga erishilgan. Samolyot uchuvchilari yerdagi dispetcherlar bilan aloqada qolish uchun zaxira chastotalarga o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Reuters iqtibos keltirgan amaldorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, hokimiyat grek aeroportlaridan uchib chiqadigan reyslar sonini soatiga 45 tagacha oshirishga erishgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid