Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda taksichilardan pul undirgan guruh qo‘lga olindi
IIV TQD va hududiy bo‘linmalar tomonidan “Qonun ustuvor - jazo muqarrar” tamoyili asosida o‘tkazilayotgan tezkor tadbirlar doirasida taksi haydovchilariga tahdid qilib, noqonuniy “oylik to‘lov” joriy etgan jinoiy guruh fosh etildi.
Foto: Videodan kadr
Yil boshidan buyon IIV TQD va uning hududiy bo‘linmalari respublika miqyosida tovlamachilik bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida kuchaytirilgan tezkor tadbirlar o‘tkazmoqda.
Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroning arizasiga ko‘ra, viloyat hududidan Toshkent shahri Yashnobod tumani yo‘nalishida taksi xizmati ko‘rsatuvchi haydovchilarga bosim o‘tkazib, tahdid qilish orqali noqonuniy daromad orttirish maqsadida o‘zboshimchalik bilan “oylik to‘lov” joriy etgan guruh a’zolari qo‘lga olingan.
Ma’lum qilinishicha, guruh yetakchisi sifatida Alimqulov Sherzod Umaraliyevich (laqabi “Bichok”), 1989 yilda tug‘ilgan, muqaddam 3 marotaba JKning 277-moddasi bilan sudlangan shaxs ko‘rsatilgan. U jinoiy sheriklari bilan birgalikda “Damas” avtomashinasi haydovchisiga zo‘rlik ishlatib tan jarohati yetkazgani hamda uning tirikchilik manbai bo‘lgan avtomashina kalitini majburiy tarzda olib qo‘ygani aytilmoqda.
Shuningdek, guruh a’zolari haydovchilarning belgilangan yo‘nalishda harakatlanishiga to‘sqinlik qilib kelgan. Ariza muallifini hayoti va sog‘lig‘iga ziyon yetkazish bilan qo‘rqitib, Yashnobod tumani hududida qatnovni davom ettirishi evaziga oldindan 2 oylik to‘lov sifatida 810 AQSh dollari olgan. Keyingi to‘lovlarni to‘liq berolmagani sabab haydovchining yo‘nalishga chiqishi o‘zboshimchalik bilan taqiqlangani bildirilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh yetakchisi va uning sheriklariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
IIV axborotida ta’kidlanishicha, davlat rahbari Oliy Majlisga murojaatnomasida qayd etganidek, so‘nggi paytlarda o‘zini qonundan ustun qo‘yayotgan tovlamachi to‘dalarga qarshi butun jamiyat bilan birgalikda kurash olib boriladi.
IIV jinoiy guruh harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolarni ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishga chaqirib, murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanishini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
13:53
Toshkentda tungi reyd: avtomashina yo‘lovchisidan shubhali modda topildi
12:00
Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy savdosi fosh etildi
10:22 / 06.01.2026
Toshkent aeroporti elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilish kuzatildi
20:49 / 02.01.2026