Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp AQShning Venesuela ishlariga aralashuvi ko‘pga cho‘zilishi mumkinligini aytdi
Delsi Rodriges boshchiligidagi hukumat «Amerikaning aytganini qilmoqda», xususan, siyosiy mahbuslar ozod etilmoqda. Muxolifat yetakchisi Mariya Machado ham mamlakatga qaytmoqchi.
Alicia Vera / Bloomberg / Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp Amerikaning Venesuela ishlariga aralashuvi bir necha yilga cho‘zilishi mumkinligini aytdi. New York Times gazetasiga bergan intervyusida uning ma’muriyati Janubiy Amerikadagi bu mamlakatni boshqarishni qachongacha «nazorat qilishi»ni «faqat vaqt ko‘rsatishi»ni aytdi.
Tramp Venesuelada Nikolas Maduroning safdoshi bo‘lgan va vaqtincha prezidentga aylangan Delsi Rodriges o‘rniga yangi rahbar saylanadigan saylovlar o‘tkazilishi yuzasidan aniqlik kiritmagan.
Bu vaqtda Delsining akasi, Milliy assambleya spikeri Xorxe Rodriges Venesuela hukumati «ko‘p sonli» mahbuslarni (ham venesuelaliklar, ham amerikaliklar) ozod etishga qaror qilganini ma’lum qildi.
Rodriges bu hech kim bilan kelishilmagan, faqat bir tomonlama yaxshi niyat akti bo‘lishini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahbuslarni ozod etish jarayoni allaqachon boshlangan.
Aynan kimlarni qo‘yib yuborish rejalashtirilayotgani hozircha noma’lum, ammo Ispaniya TIVdagilar Venesuela allaqachon besh nafar ispaniyalikni ozod etganini ma’lum qildi, ular orasida qo‘shfuqarolikka ega bo‘lgan taniqli huquq faoli Rosio San Migel ham bor.
Avvalroq Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares bu qarorni Venesuela hukumatining «juda ijobiy qadami» deb baholagandi.
Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado payshanba kuni Maduroning qulashi Venesuelaning ozod bo‘lishiga olib boradigan ortga qaytmas jarayonni boshlab berganini aytgandi.
Tramp Rodrigesdan mamnun va Machadoni e’tiborsiz qoldirmoqda
Carlos Becerra / Getty Images
Tramp NYT muxbiriga AQSh davlat kotibi Marko Rubio Delsi Rodriges bilan doimiy aloqada bo‘lib turganini aytgan, oldinoq AQSh prezidenti Maduroning o‘rinbosari «Amerika zarur deb hisoblagan barcha ishni qilishga tayyorligi»ni aytgandi.
AQSh prezidentiga ko‘ra, Venesuelaning vaqtincha hukumati neft sotuvidan tushgan daromadlarni faqat Amerika tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotib olishga sarflashga rozi bo‘lgan.
NYT jurnalistlari qayd etishicha, Tramp nima uchun Rodrigesni Venesuelaning yangi yetakchisi deb tan olgani haqidagi savolni ochiq qoldirgan.
Ko‘plab tahlilchilar Maduro hokimiyatdan ag‘darilgach, muxolifat yetakchilari Edmundo Gonsales Urrutia va Mariya Korina Machado mamlakatga qaytishini kutgandi. Biroq, Tramp Maduro qo‘lga olinganidan keyingi birinchi matbuot anjumanida Machado haqida to‘xtalib, venesuelaliklar uni hurmat qilmasligi va qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi.
«Menimcha, u yetakchi bo‘lishi juda qiyin», – degandi u.
Machado 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida muxolifat kuchlarini birlashtira olgandi, ammo Maduro hukumati uning nomzodini o‘tkazmagandi. O‘shanda muxolifat uning o‘rniga sobiq diplomat Edmundo Gonsalesni o‘zining yagona nomzodi sifatida ilgari surgandi.
Bernat Armangue / AP / Scanpix / LETA
Saylovlarda ovoz yakunlanishi bilanoq Venesuela markaziy saylov komissiyasi Maduroni g‘olib deb e’lon qiladi. Ammo muxolifatchilar o‘z hisob-kitoblariga tayanib, Gonsales katta farq bilan ustun kelganini bildiradi. Jahonning ko‘plab demokratik davlatlari, jumladan AQSh ham muxolifatchilarni qo‘llaydi va Maduroni qonuniy prezident deb tan olmaydi.
Gonsales saylovdan keyingi qatag‘ondan qo‘rqib, mamlakatni tark etishga majbur bo‘ladi, Machado esa Venesuelaning o‘zida yashiringan.
Dekabr oyida u amallab Osloga yetib keldi va Venesuelada «demokratik huquqlarni ilgari surish bo‘yicha tinimsiz mehnati» uchun berilgan Tinchlik uchun Nobel mukofotini shaxsan qabul qilib oldi.
Machado hozirda qayerda ekani noma’lum, ammo uning o‘zi yaqin orada Venesuelaga qaytishini aytgan.
Machado taslim bo‘lmoqchi emas
Venesuela muxolifatchilarining La Patilla nashriga bergan intervyusida Mariya Machado mamlakatda o‘tish davri «imqon qadar qisqa va tez» kechishiga umid bildirgan.
Lars Martin Hunstad / Bloomberg / Getty Images
U muvaqqat hukumat (u buni Maduro davridagi rejimning ayni o‘zi deb atagan) hozirda «o‘zini demontaj qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar olayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.
Machado Edmundo Gonsales qonuniy saylangan prezident ekanini eslatib, uning vakolatini hurmat qilishga chaqirgan.
U Venesuelada birinchi navbatda barcha siyosiy mahbuslar ozod qilinishi kerakligini alohida ta’kidlagan.
Machado Venesuelaning mashhur qamoqxonalarida saqlanayotgan 800 dan ortiq siyosiy mahbuslarni ozod qilishni talab qilgan yagona shaxs emas.
Chorshanba kuni Venesuela parlamenti a’zosi Mariya Elvira Salasar ijtimoiy tarmoqlarda ularni zudlik bilan ozod qilish talabi aks etgan postlarni e’lon qildi.
Trampning xayoli faqat neftdami?
The New York Times jurnalistlari qayd etishicha, Tramp intervyusida Venesuelaning kelajagini qanday qurmoqchi ekani haqida emas, balki Maduroning qo‘lga olinishi haqida ko‘proq va batafsilroq gapirgan.
AQShning Venesuelaga nisbatan rejalari haqidagi savolga u «biz uni juda foydali tarzda tiklaymiz», deb javob bergan.
«Biz neftdan foydalanamiz va neftni olamiz. Biz neft narxini pasaytiramiz va Venesuelaga juda zarur bo‘lgan pulni beramiz», – degan u.
Juma kuni AQSh prezidenti Oq uyda mamlakatning eng yirik uchta neft kompaniyasi vakillari bilan uchrashishi va ular bilan Venesuela bo‘yicha rejalarni muhokama qilishi kutilmoqda.
Avvalroq Oq uy AQSh noma’lum muddat davomida Venesuela nefti sotilishini nazorat qilishini ma’lum qilgandi.
AQSh energetika vaziri Kris Rayt Venesuela nefti eksporti ustidan nazorat – Vashingtonga Karakasdagi muvaqqat hukumatga bosim o‘tkazish vositasi sifatida zarurligini ta’kidlagan.
Tramp Venesuela neft sanoatini tiklash uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lishini ham tan oladi.
Venesuela dunyodagi eng katta neft zaxiralariga ega, ammo so‘nggi yigirma yil ichida uni qazib olish hajmi bir necha baravar kamaydi. Bunga Nikolas Maduro va uning o‘tmishdoshi Ugo Chaves davridagi natsionalizatsiya va samarasiz boshqaruv, shuningdek, AQSh sanksiyalari sabab bo‘ldi.
Mavzuga oid
18:06 / 10.01.2026
Venesuela va AQSh diplomatik munosabatlarni tiklamoqchi
11:03 / 10.01.2026
Tramp: neft kompaniyalari Venesuelaga 100 mlrd dollar sarmoya kiritadi
22:40 / 09.01.2026
«G‘arbiy yarimshar - bizniki». AQShning uch asrlik da’vosi yana kun tartibida
22:33 / 09.01.2026