Jamiyat | 12:05 / 10.01.2026
4841
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda bir guruh voyaga yetmaganlar ishtirokidagi janjal holati o‘rganilmoqda

Telegram'da 2026 yil 8 yanvar kuni soat 18:00 larda «Qizlar 3 kishi bo‘lib bir kishini samosud qildi» sarlavhasi ostida voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi janjal holati aks etgan videolavha joylashtirildi. Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati ichki ishlar organlari tomonidan zudlik bilan o‘rganish ishlari olib borildi.

Foto: Buxoro viloyati IIB

O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, avvaldan mavjud kelishmovchiliklar sabab 2026 yil 7 yanvar kuni soat 09:00 lar atrofida Buxoro shahridagi «Favvoralar maydoni»ga yaqin hudud — M.Iqbol ko‘chasida 2009 yilda Shofirkon tumanida tug‘ilgan voyaga yetmagan K.Z. hamda 2008 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan voyaga yetmagan B.O. o‘rtasida janjal kelib chiqqan.

Janjalga 2005 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan N.Sh. hamda 2005 yilda Shofirkon tumanida tug‘ilgan T.S. ham faol ishtirok etgani, ular voyaga yetmagan B.O. bilan birgalikda voyaga yetmagan K.Z.ga turli tan jarohatlari yetkazgani qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur holat janjalda ishtirok etgan 2004 yilda Vobkent tumanida tug‘ilgan M.S. tomonidan videotasvirga olingan hamda 2008 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan B.O. tomonidan Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga joylangan.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida yuqorida qayd etilgan shaxslarning shunga o‘xshash yana bir nechta janjalli holatlarga aloqadorligi aniqlangan. Barcha holatlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar tekshiruv yakunlariga ko‘ra taqdim etiladi, deyiladi Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabarida.

Mavzuga oid