Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Erondagi namoyishlar: xaritalar ustida sharh
Eronda ikki haftadan buyon davom etayotgan namoyishlar mamlakatning barcha yirik shaharlarini qamrab olgan. Kun.uz voqealar rivojini xaritalar ustida izohlab berish uchun “Geosiyosat” dasturiga siyosiy tahlilchi Azizbek Fayzullayevni taklif etdi.
— Ilk namoyishlar qaysi shaharlardan boshlandi?
— Eron hududi 31 ta ostondan, ya’ni viloyatdan iborat. Bugungi kunda mamlakat poytaxti Tehron shahri inqilobiy kayfiyatlar, qo‘zg‘olonlar va ommaviy namoyishlarning asosiy markaziga aylangan. Tehrondagi ilk namoyishlar Katta bozor atroflarida boshlangan. Xususan, Chorsu va Alouddin savdo majmualari hududida elektron gadjetlar sotuvchi savdogarlar norozilik sifatida do‘konlarini yopib, savdoni to‘xtatgan. Xaritalarda yashil rang eng ko‘p namoyishlar bo‘lib o‘tgan hududlarni ko‘rsatadi. Sariq ranglar esa ta’sir darajasi yuqori bo‘lgan, uch bosqichli namoyishlar qayd etilgan joylarni anglatadi.

Hozirgi paytda Tehron shahrining 40 dan ortiq yo‘nalish va manzillarida namoyishlar va chiqishlar bo‘lib o‘tmoqda. Poytaxtdagi namoyishlar hukumat va amaldagi rejim uchun ayniqsa xavfli. 28 dekabr kuni Tehronda boshlangan namoyishlarni hukumatga bo‘ysunuvchi ommaviy axborot vositalari tinch aksiyalar sifatida ko‘rsatgandi, lekin keyin voqealarni yashirish boshlandi. 30 dekabr kelib, namoyishlar boshqa shaharlarga, jumladan, Eronning shimoliy va janubi-g‘arbiy hududlariga ham kengaya boshladi.

— Hozirda namoyishchilar qancha hududni qamrab olgan?
— Markaziy Tehronda boshlangan namoyishlar avvalo Eronning g‘arbiy hududlariga yoyildi, chunki g‘arbiy mintaqalarda aholi zich joylashgan, infratuzilma esa nisbatan zaif. Keyinchalik janubdagi shaharlarda ham odamlar ko‘chaga chiqa boshladi va bugungi kunga kelib, Eronning deyarli barcha shaharlarini qamrab oldi.
Hozirda 31 ta viloyatdan 30 tasida namoyishlar kuzatilmoqda. Ular orasida ayniqsa Mashhad shahri alohida e’tiborga loyiq. Mashhad Tehrondan keyin aholi soni bo‘yicha ikkinchi eng yirik shahar bo‘lib, mamlakatning muhim iqtisodiy salohiyatini ta’minlaydi. Eron oliy rahbari Xominaiy aynan Mashhadda tug‘ilgan. Shahar Eron Islom Respublikasining ma’naviy tayanchi hisoblanadi, chunki bu yerda Imom Rizo majmuasi va ko‘plab diniy markazlar joylashgan. So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Mashhadda 30 metrli Eron bayrog‘i yirtib tashlangani va oyatullohga qarshi keskin shiorlar yangragani aks etgan videolar tarqaldi. Bu holat Eron rejimidan nafaqat dunyoviy qatlam, balki diniy va konservativ guruhlar ham norozilik bildirayotganini ko‘rsatadi.
Ayrim manbalarga ko‘ra, namoyishlar jarayonida ba’zi shaharlarda hukumat qo‘shinlari va politsiya kuchlari shaharni tark etib, uni namoyishchilar nazoratiga topshirgan. Bu ma’lumotlar rasmiylar tomonidan inkor etilayotgan bo‘lsa-da, ayrim xabarlarda bunday shaharlar soni uchta ekani aytilmoqda. Xususan, Eron g‘arbida joylashgan, asosan kurdlar va lurlar yashaydigan Elam viloyatida shunday holatlar kuzatilgani yoyinlangan. Elam viloyatining Abadan va Malikshohiy shaharlarining namoyishchilar qo‘liga o‘tgani haqida xabarlar bor.
Eronning janubi-g‘arbiy hududlarida, jumladan, Elam, Luriston, Kirmonshoh va Kurdiston viloyatlarida arablar, lurlar va etnik kurdlar yashaydi. Masalan, Elam viloyatida aholining taxminan 75 foizi kurdlar, 25 foizi lurlar bo‘lib, forslar ulushi juda kam. Aynan shu hududlarda namoyishlar vaqtida eng ko‘p qurbonlar qayd etilgan, ayrim joylarda yetti nafardan ortiq odam halok bo‘lgani aytilmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, qo‘zg‘olonchilarga qarshi qurol qo‘llash ilk bor aynan shu shaharlarda kuzatilgan. Holbuki, namoyishlar boshlangan Tehronda kuchishlatar tuzilmalar asosan ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan cheklangan. Bu hududlarda etnik ozchiliklar yashashi va ayniqsa kurd aholisiga mansub anti-rejim tashkilotlari faoliyat yuritishi vaziyatning murakkabligini izohlaydi. Jumladan, Eron g‘arbida Kurd ishchi partiyasi, Eron Kurd demokratik harakati va boshqa guruhlarning jangari qanotlari mavjudligi ma’lum. Shu sababli namoyishlar aynan shu hududlarda eng keskin va qonli tus olgan.
E’tiborga molik jihatlardan yana biri – bu hududlarda namoyishchilarga qarshi harakat qilgan harbiylar orasida ham qurbonlar borligi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kamida besh nafar xavfsizlik xodimi aynan shu mintaqalarda halok bo‘lgan. Bugungi kunda Eron bo‘ylab namoyishlar fonida halok bo‘lganlar soni turli manbalarda turlicha keltirilmoqda: ayrim manbalarda bu ko‘rsatkich 50 nafardan oshgani, eng ko‘p tarqalgan ma’lumotlarda esa kamida 35 kishi vafot etgani qayd etilgan.
Mavzuga oid
19:19
Erondagi namoyishlar: hozirgacha nimalar ma’lum?
13:39
NYT: harbiylar Trampga Eronga zarba berish bo‘yicha variantlarni taqdim etgan
11:25
🔴 LIVE: “Oreshnik” bilan zarba va hibsdagi rus kemalari | "Geosiyosat"
22:50 / 10.01.2026