Jahon | 13:13 / 10.01.2026
5649
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya, Fransiya va Britaniya Rossiyaning “Oreshnik” raketa zarbasini qoraladi

Berlin, London va Parij Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumini eskalatsiya qiluvchi va qabul qilib bo‘lmas deb atadi. Germaniya hukumatida Moskva o‘ylab topilgan bahonalardan foydalanib, mojaroni yanada keskinlashtirayotgani aytildi.

Foto: Russian Defence Ministry/Handout/SNA/IMAGO

Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyaning siyosiy yetakchilari Rossiyaning Ukrainaga yangi o‘rta masofali “Oreshnik” raketacini qo‘llab bergan zarbasini qoraladi. Bu haqda juma kuni, 9 yanvarda GFR kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer o‘rtasidagi telefon suhbatidan keyin Britaniya hukumati vakili xabar berdi. Uning aytishicha, Starmer hujumni oqlash uchun Rossiya “o‘ylab topilgan ayblovlar”dan foydalangan, deb hisoblaydi.

Avvalroq Germaniya hukumati ham Rossiyaning “Oreshnik” raketaci qo‘llangan Ukrainaga zarbasini keskin qoralagan edi. GFR hukumati rasmiy vakilining o‘rinbosari Shteffen Mayyer Berlinda bildirishicha, Rossiya Lvivdagi Ukraina fuqarolik energetika infratuzilmasiga o‘rta masofali raketa bilan zarba berib, “yana bir bor eskalatsiya yo‘lini tanladi”.

Mayyer Moskva harakatlarini “qo‘rqitish uchun qilingan, ammo maqsadiga yetmagan ramziy tahdidlar” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bu holatda Rossiyaning xulq-atvori “oq ip bilan tikilgan” — ya’ni ishonchi kam, soxta tusda.

Shteffen Mayyerning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning “zarba go‘yo Vladimir Putin rezidensiyasiga qilingan hujumga javob edi” degan bayonotlari tushunarsiz. U bu da’volarni “sof manyovr” deb atab, hujum haqidagi ayblovlar allaqachon rad etilganini ta’kidladi. “Rossiya hech qanday provokatsiyasiz ham eskalatsiyani davom ettiryapti”, — dedi GFR hukumati vakili o‘rinbosari.

U, shuningdek, raketa so‘nggi kunlar va haftalarda Kiyev, AQSh va Yevropa davlatlari tomonidan Ukrainada tinchlikka erishishga qaratilgan jadal diplomatik sa’y-harakatlar olib borilayotgan bir paytda uchirilganini qayd etdi. Mayyerning aytishicha, bu hujum Berlin va uning hamkorlarining Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, unga har tomonlama yordam berishda davom etish qat’iyatini o‘zgartirmaydi.

Bundan oldin Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainaga qarshi o‘rta masofali “Oreshnik” raketaci qo‘llanganini ma’lum qilgan edi. Bu — Ukrainaga qarshi urush davomida mazkur turdagi raketa qo‘llanishining ikkinchi ma’lum holati. 2024 yil noyabrda Rossiya armiyasi “Oreshnik” bilan Dnipro shahridagi mudofaa korxonasiga zarba bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid