Jahon | 11:34 / 10.01.2026
2918
2 daqiqa o‘qiladi

Volgograd viloyatida dron hujumidan so‘ng neft bazasi yonmoqda

Volgograd viloyatida dron qoldiqlari tushishi oqibatida neft bazasida yong‘in yuz berdi. Dronlar hujumlari fonida Volgograd, Gelenjik, Krasnodar va Cheboksar aeroportlarida reyslarni qabul qilish va jo‘natishga cheklovlar joriy etildi.

Foto: Yuriy Dyachyshyn/AFP/Getty Images

Ukraina Qurolli kuchlari shanbaga o‘tar kechasi, 10 yanvarda Rossiyaning bir qator hududlariga dronlar bilan hujum qildi. Volgograd viloyatida dron parchalari tushishi sabab neft bazasi yonganini mahalliy gubernator Andrey Bocharov ma’lum qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q. Bocharovning aytishicha, aholini evakuatsiya qilish zarurati tug‘ilsa, Oktyabrskiy posyolkasidagi maktablardan birida vaqtincha joylashtirish punkti tayyorlab qo‘yilgan.

Dronlar hujumlari fonida Volgograd, Gelenjik, Krasnodar va Cheboksar aeroportlari reyslarni qabul qilish va jo‘natishga vaqtincha cheklovlar kiritdi, deb xabar qildi Rosaviatsiya rasmiy vakili Artyom Korenyako.

Shuningdek, 10 yanvar tungi payt Moskva aeroportlari Domodedovo va Jukovskiy ham faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyanin Moskvaga yaqinlashib kelayotgan bitta dron urdirib tushirilgani haqida xabar bergan.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 10 yanvar tungi payt RF hududlari ustida jami 59 ta dron yo‘q qilingan.

9 yanvar kuni Rossiya armiyasi Kiyev va Lvivga dronlar bilan hujum qildi. Kiyev shahar meri Vitaliy Klichko bu hujumni “poytaxtning muhim infratuzilma obektlari uchun eng og‘riqli” deb atadi. Kiyevdagi ko‘p qavatli uylarning deyarli yarmi — taxminan 6000 ta bino issiqlik ta’minotisiz qolgan. Hujum natijasida 4 kishi halok bo‘lgan, yana 24 kishi yaralangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid