Jahon | 09:15
1165
4 daqiqa o‘qiladi

Huquq himoyachilari: Eronda halok bo‘lganlar soni 500 kishidan oshdi

AQShda joylashgan HRANA huquqni himoya qiluvchi tarmog‘i ma’lumotlariga ko‘ra, Erondagi norozilik namoyishlari davomida halok bo‘lganlar soni 538 nafarga yetdi. DW jurnalisti xabar berishicha, hokimiyat namoyishchilarga qarshi amaliyotlarda dronlardan foydalangan.

Foto: Middle East Images / AFP via Getty Images

Erondagi ommaviy hukumatga qarshi namoyishlar jarayonida halok bo‘lganlar soni hozircha 538 nafarni tashkil etmoqda. AQShda joylashgan HRANA huquqni himoya qiluvchi tarmog‘i yakshanba, 11 yanvar kuni o‘zining dastlabki ma’lumotlariga tayanib shunday xabar berdi. Bundan sal oldin qurbonlar soni 203 nafar deb aytilgan edi.

8 yanvardan buyon Islom Respublikasidan axborot oqimi hokimiyat joriy etgan internetning to‘liq bloklanishi sabab keskin cheklangan. Ayni paytda bu bloklash 70 soatdan ortiq davom etmoqda. DW jurnalisti Nilufar Golamiyning ma’lum qilishicha, mamlakatdan axborotni faqat Starlink sputnik aloqasi orqali kuzatish mumkin bo‘lyapti. Uning ta’kidlashicha, Eron hokimiyati birinchi marta havodan kuzatish orqali namoyishchilarning shaxsini aniqlash imkonini beruvchi patrul dronlarini qo‘llagan. Noroziliklar qurbonlarining aniq soni va hokimiyat tomonidan hibsga olinganlar haqida ishonchli ma’lumot olishning iloji yo‘q.

Golamiyning so‘zlariga ko‘ra, kuch tuzilmalari harakatlari tobora qat’iylashmoqda, chunki bu namoyishlar Erondagi avvalgi mitinglardan keskin farq qiladi: “Repressiyalar ko‘lami, mansabdorlar tahdidli bayonotlari va davlat OAVning ohangiga qaraganda, vaziyat butunlay o‘zgacha — hokimiyat uchun ham kutilmagan bo‘ldi”. DW jurnalistiga ko‘ra, hatto kasalxonalar ham odamlar uchun xavfsiz emas. “Yaralanganlarni kuch tuzilmalari o‘g‘irlab ketishi xavfi yuqori. Ko‘p hollarda ular halok bo‘lganlarning jasadlarini oilalariga qaytarishdan bosh tortyapti”, — deb xabar beradi Golamiy.

Eron rahbariyatiga qarshi har kuni o‘tayotgan ommaviy namoyishlar 2025 yil 28 dekabrdan beri to‘xtagani yo‘q. Eron xavfsizlik kuchlarining namoyishchilarga nisbatan qattiq choralari va internet bloklanishiga qaramay, Tehron va mamlakatning boshqa yirik shaharlari ko‘chalariga ko‘p sonli norozilar chiqdi. Namoyishchilar kastryulkalarni urib shovqin qilmoqda va “Xomanaiyga o‘lim” shiorini aytib, murojaatni Eronning oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyga qaratmoqda. Avtomobil haydovchilari esa qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida signal chalmoqda.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) 10 yanvar kuni namoyishlarni bostipish bilan tahdid qildi. Eron harbiylari uchun davlat xavfsizligini ta’minlash “qizil chiziq” hisoblanadi, shuning uchun “armiya kuch ishlatgan holda milliy manfaatlar, mamlakatning strategik infratuzilmasi va jamoat mulkini qo‘riqlaydi”, — dedi IIMK davlat televideniyesida.

AQSh prezidenti Donald Tramp 10 yanvar kuni Erondagi keng ko‘lamli namoyish ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. “Eron (o‘zining — tahr.) erkinligini ko‘ryapti — ehtimol, avval bunday bo‘lmagan. AQSh yordam berishga tayyor!” — deb yozdi Oq uy rahbari Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida. U Vashingtonning ehtimoliy harakatlari haqida biror tafsilot keltirmadi.

Eron rahbariyati, agar AQSh Erondagi ommaviy norozilik harakatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida hujum qilsa, Isroil va Qo‘shma Shtatlarga javob zarbalari berilishi bilan tahdid qildi. “AQSh tomonidan harbiy hujum bo‘lgan taqdirda, qonuniy nishonlarimiz sifatida ham okkupatsiya qilingan hudud, ham AQShning harbiy markazlari va dengizdagi qatnov bo‘ladi”, — dedi Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir 11 yanvar kuni ushbu organning favqulodda yig‘ilishida.

Eron bayonotlari fonida Isroil yuqori tayyorgarlik rejimiga o‘tdi, deya xabar berdi The Times of Israel nashri.

Mavzuga oid